TOShKENT, 6 fev - Sputnik. AQSh Senati impichment jarayonining ikkala masalasi bo‘yicha ham prezident Donald Trampni oqladi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Amerika yetakchisi ikki masala - hokimiyatni suiiste’mol qilish va Kongressga to‘sqinlik qilishda ayblayotgan edi.
Birinchi modda bo‘yicha ayblovlarni 48 senator qo‘llab-quvvatladi. Ular orasida faqat bitta respublikachi bor edi - Mitt Romni (bu Amerika tarixidagi birinchi bunday holat). 52 senator qarshi ovoz berdi.
Trampga qarshi ayblovning ikkinchi bandini 47 senator qo‘llab-quvvatladilar, 53 kishi qarshi ovoz berdi.
Ta’kidlash joiz, Senatda Vakillar palatasidan farqli o‘laroq, ko‘p o‘rin respublikachilar partiyasiga tegishli (100 o‘rindan 53tasi). Demokratik partiyadan 45 senator ko‘rsatilgan. Yana ikkita senator partiyasiz, ammo ular demokratlar bilan koalitsiyada.
Impichment berish jarayonini yakunlash uchun 67 senator har qanday ayblov uchun “ha” deb ovoz berishlari kerak edi.
Tramp nimada ayblandi
2019 yil sentabr oyida Pelosi Trampga qarshi impichment jarayoni boshlanganini e’lon qildi. Demokratlar tomonidan nazorat qilinadigan AQSh Kongressining Vakillar palatasi ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
Demokratlarning ta’kidlashicha, Oq uy rahbari Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga Jo Baydenning o‘g‘liga qarshi korrupsiya ishini tergov qilishga yordam berish uchun bosim o‘tkazgan. Ushbu siyosatchi Trampning 2020-yilda bo‘lajak prezident saylovlarida eng kuchli raqibi deb hisoblanadi.
AQSh prezidenti barcha ayblovlarni rad etib, demokratlar boshlagan jarayonni “jodugarlarga qarshi ov” deb atadi.
Yakun topgan impichment jarayoni AQSh tarixida uchinchisi bo‘ldi: 1868-yilda senatorlar Endryu Jonsonni va 1999-yilda Bill Klintonni oqlagan edilar. 1974-yilda Richard Nikson impichment jarayoni boshlanganidan keyin ixtiyoriy ravishda iste’foga chiqqan.