Dorixonalarda hanuzgacha retseptga amal qilmagan holda dorilar sotilmoqda - Ibragimova

Endilikda dori shakli, qadoqdagi dorilar soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlash xususiyatlariga qarab ularga eng yuqori narxlar belgilanadi.
Sputnik

TOShKENT, 5 fev – Sputnik. Endilikda dori shakli, qadoqdagi dorilar soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlash xususiyatlariga qarab ularga eng yuqori narxlar belgilanadi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilindi.

Farg‘onada dori narxini belgilash tartibini buzgan dorixona yopildi

Farmatsevtika tarmogini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyevning ma’lum qilishicha, 2020-yil 1-iyuldan boshlab dori shakli, qadoqdagi dorilar soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlash xususiyatlariga qarab, ularga eng yuqori narxlar belgilanadi.

Shuningdek, dori vositalarini O‘zbekistonga import qilish va realizatsiya qilish belgilangan narxlarda, undan yuqori bo‘lmagan tartibda amalga oshiriladi.

Brifingda Farmetsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbari Muhabbat Ibragimova, bugungi kunda qabul qilingan bir qancha qarorlarga qaramay, dorixonalarda retseptga amal qilmagan holda dori vositalarini sotish holatlari sodir bo‘layotganini ta’kidladi. 

Bundan tashqari yana bir muammolardan biri sotib olinayotgan dori vositalarining bemorga foyda bermayotganligidir. Buning ortidan aholida norozilik kayfiyati tug‘ilmoqda. Bu esa hal qilish kerak bo‘lgan muammolardan biridir.

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining 2019-yil 6-sentabr “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Bu qarorda belgilanganidek,  retsept yozayotganda ta’sir qiluvchi va dorixonalarda bor bo‘lgan assortimentlar tavsiya qilinishi kerak. Bemor shu retsept asosida o‘z ehtiyojiga qarab, dori vositalarini tanlashi mumkin.