"O‘zbekiston - AQSh" hamkorligi rivojlanish cho‘qqisida – Kamilov

Abdulaziz Kamilov O‘zbekiston va AQSh munosabatlari kelajakda strategik hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini topishga qaratilgan bo‘lishini xabar qildi.
Sputnik

TOShKENT, 3 fev – Sputnik. Abdulaziz Kamilov AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va AQSh munosabatlari rivojlanish cho‘qqisiga chiqqanini qayd etdi, Sputnik  muxbiri xabariga asosan.  

“Men ishonch bilan shuni aytamanki, bugungi kunda ikki mamlakat orasida hamkorlik o‘zining rivojlanish cho‘qqisiga chiqqan. Munosabatlarimiz barqaror va kutilganidek rivojlanmoqda.Bizning kelajak harakatlarimiz strategik hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini topishga qaratilgan bo‘ladi”, - dedi Abdulaziz Kamilov.

Shuningdek, tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston Markaziy Osiyo hududida tinchlik, hamkorlik va taraqqiyotni rivojlantirish tarafdori ekanini va ushbu masalada O‘zbekiston va AQSh nuqtayi nazari yaqin ekanini alohi qayd etib o‘tdi. Bu borada, Kamilov,  TIVdagi uchrashuvdan so‘ng “S5+1” formatida AQSh va Markaziy Osiyo vakillari ishtirokida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tishini e’lon qildi.

Undan tashqari Abdulaziz Kamilov ikki davlat vakillari bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish borasida hamkorlik qilishga kelishib olishganini aytib o‘tdi.

“Biz Afg‘onistonga Markaziy Osiyoning savdo-iqtisodiy hamda transport-kommunikatsiya tarmoqlariga qo‘shib olishga amaliy yordam ko‘rsatishga kelishib oldik”, - dedi Kamilov.

Eslatib o‘tamiz, Maykl Pompeo o‘z navbatida O‘zbekiston hukumati tomonidan so‘nggi yillarda olib borilayotgan diniy erkinlikni ta’minlash, bolalar majburiy mehnatiga barham berish va boshqa iqtisodiy, ijtimoiy islohotlariga yuqori baho bergan edi.