Xinjiang Hualing kompaniyasi O‘zbekistondagi yirik loyihalarga sarmoya kiritishi mumkin

Xinjiang Hualing Industry & Trade (Group) Co., rahbariyatiga Yakkasaroyda bunyod etilishi ko‘zda tutilayotgan biznes markazi loyihasida ishtirok etish, “Chorsu” mehmonxonasini yangilash kabi qator loyihalar yuzasidan ma’lumot berildi.
Sputnik

TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Xitoyning Xinjiang Hualing Industry & Trade kompaniyasi O‘zbekistonda bir nechta yirik loyihalarni amalga oshirish imkoniyatni ko‘rib chiqmoqda.

Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda birinchi shamol elektr stansiyasini qurishni boshladi

Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va  kompaniya prezidenti Mi En Xua muzokaralari yakunida ma’lum qilindi.

Poytaxt hokimligi xabariga ko‘ra, uchrashuvda Chirchiq darosining shahardan oqib o‘tuvchi manzillaridagi qismini tartibga keltirish orqali bo‘shaydigan maydonda savdo majmuasi, texnopark, yashil hududlar va turar joylar qurilishiga mo‘ljallangan loyiha yuzasidan ma’lumot berilgan.

Yana bir loyiha Toshkentning Qozog‘iston bilan chegarasidagi maydonda bajarilishi ko‘zda tutilgan. U logistika markazi, qishloq xo‘jaligi va boshqa turdagi mahsulotlarni saralash punkti qurishga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, Xinjiang Hualing Industry & Trade (Group) Co., rahbariyatiga Yakkasaroyda bunyod etilishi ko‘zda tutilayotgan biznes markazi loyihasida ishtirok etish, “Chorsu” mehmonxonasini yangilash kabi qator loyihalar yuzasidan ma’lumot berildi.

“Mi En Xua taqdim etilgan loyihalar Xitoy tomonida katta qiziqish uyg‘otgani va ular bu takliflarni atroflicha o‘rganib, hamkorlik yuzasidan o‘z xulosalarini taqdim etishini ma’lum qildi”, - deyiladi xabarda.

Xinjiang Hualing Industry & Trade (Group) Co., Xitoy xalq respublikasidagi eng yirik kompaniyalardan hisoblanadi. Mazkur kompaniya yirik savdo-ulgurji markazlarga ega bo‘lib, 26 ta sho‘’ba korxonalarini birlashtiradi va ularda 3000dan ortiq ishchilar xizmat qiladi.