Surxondaryoda quyosh elektr stansiyasini qurish bo‘yicha xalqaro tanlov loyihasi boshlandi

Mazkur loyiha Osiyo taraqqiyot bankining ko‘magida amalga oshirilmoqda. Xalqaro tanlov 2020-yil 1-fevralda start oldi va joriy yilning iyul oyigacha davom etadi.
Sputnik

TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Energetika vazirligi Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida fotoelektr (quyosh) stansiyasini qurish bo‘yicha birinchi pilot loyihasini boshladi.

O‘zbekistonda 150 mingta uylarga quyosh elektr stansiyalari o‘rnatiladi

Vazirlik xabarida qayd etilishicha, mazkur loyiha Osiyo taraqqiyot bankining ko‘magida O‘zbekiston hukumati tomonidan ishlab chiqilgan 1 GVt quyosh energiyasini ishlab chiqarish dasturining bir qismi hisoblanadi.

Ushbu xalqaro tanlov 2020-yil 1-fevralda start oldi va joriy yilning iyul oyigacha davom etadi.

Loyihaga ko‘ra, amalga oshirish uchun tanlab olingan Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida joylashgan maydonda 200 MVt dan kam bo‘lmagan o‘zgaruvchan tok quvvatli fotoelektr (quyosh) stansiyasi hamda 220 kVt kuchlanishli yangi nimstansiya va kuchlanishi 220 kVt bo‘lgan «Surxon” nimstansiyasiga ulanish uchun 52 km uzunlikdagi elektr uzatish liniyasi quriladi.