Mutaxassis qanday bemorlarda koronavirus og‘ir kechishi mumkinligini aytdi

Ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirusdan kasallangan odamlarning 80 foizida xastalik yengil o‘tadi, qolgan 20 foizida og‘ir kechishi mumkin.
Sputnik

TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Liann Kuppens koronavirus immun tizim pasayib ketgan bemorlarda og‘ir kechishi mumkinligi ma’lum qildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

“Ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirusdan kasallangan odamlarning 80 foizida xastalik yengil o‘tadi, qolgan 20 foizida og‘ir kechishi mumkin. O‘lim holati yuz berishi ehtimoli bo‘lgan 2-3 foizi esa ikkilamchi og‘ir, surunkali kasalliklarga chalingan, immun tizimi pasayib ketgan bemorlarga to‘g‘ri kelmoqda”, – dedi Liann Kuppens o‘tkazilgan deoselektor yig‘ilishida.

Ta’kidlanishicha, koronavirusni aniqlashda asosiy e’tibor tana haroratining ko‘tarilishiga qaratilsa-da, uning yashirin davri mavjud. Bu paytda kasallik belgilari to‘liq namoyon bo‘lib ulgurmaydi. Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonda vaziyatni nazorat qilish, xorijdan kelgan fuqarolarni tekshirish va kuzatuvga olish borasida barcha tayyorgarlik choralari ko‘rilgan.

Rossiya O‘zbekistonga koronavirusni aniqlash vositasini berdi

“Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi orasida turli vahimali, xususan, Jizzax, Buxoro va Andijon viloyatlarida koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq yolg‘on xabarlar tarqalmoqda. Bunday holatda odamlar sohadan uzoq bo‘lgan shaxslar tomonidan tarqatilayotgan asoslanmagan  ma’lumotlarga emas, balki mutaxassislar xolis fikri va xulosalariga e’tibor qaratishlari kerak”, - deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq SSV tavsiyasiga ko‘ra, Xalq ta’limi vazirligi tizimida O‘RI, gripp va koronavirus kasalliklarini oldini olishga qaratilgan tushuntirish ishlari olib borilishi xabar qilingan edi.