O‘zbekistonda 150 mingta uylarga quyosh elektr stansiyalari o‘rnatiladi

Mamlakatda 2021-2023 yillarda 150 mingta xususiy uylarga har birining quvvati 2 kVt bo‘lgan fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish dasturi ustida ish olib borilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 2 fev — Sputnik. Energetika vazirligida Jahon bankining (JB) delegatsiyasi bilan muzokara o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Muloqot davomida O‘zbekistonda energetika sohasida o‘tkazilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlik masalalar muhokama qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, mamlakatda 2021-2023 yillarda 150 mingta xususiy uylarga har birining quvvati 2 kVt bo‘lgan fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish dasturi ustida ish olib borilmoqda.

Bundan tashqari, bahor va kuz mavsumida avtonom energiya ta’minoti bo‘yicha maqsadli dasturlarni (elektr, issiqlik va biogaz) ishlab chiqish uchun respublikaning 33 potensial qishloq va chekka hududlari aniqlangan.

O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyalarini barpo etish bo‘yicha ikkinchi tender o‘tkaziladi

Energetika vazirligi JB bilan korporativ boshqaruvni joriy etish, korxonalarni tijoratlashtirish va energetika sohasida tarif islohotlarini amalga oshirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollar mavjudligi ham ta’kidlagan.

Uchrashuv davomida tomonlar, shuningdek, neft-gaz sanoatini isloh qilish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. JB ushbu sohadagi islohotlarning borishi va uglevodorodlarni qazib olishdan to yakuniy iste’molchilargacha bo‘lgan barcha ishlab chiqarish jarayonlarini o‘zida mujassamlashtirgan bosh reja  ishlab chiqish maqsadida  yig‘ilish o‘tkazishni taklif qildi.

Qayd etilishicha, Energetika vazirligi JB tarkibiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK), shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki bilan 2025-yilga qadar quvvati 2 GVt bo‘lgan fotoelektr (quyosh) stansiyasini qurish bo‘yicha salohiyatli investorni aniqlash yuzasidan tegishli ishlarni olib bormoqda.