SSV O‘zbekistonda koronavirus tarqalganligi haqidagi xabarlarni rad etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston hududida koronavirusning tarqalganligi bilan bog‘liq xabarni rad etdi.
Sputnik

TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Bugungi kunda mamlakat fuqarolari orasida koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining matbuot kotibi xabar qildi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston hududida koronavirusning tarqalganligi bilan bog‘liq xabarni rad etdi. Qayd etilishicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligida mamlakat hududiga koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida tunu kun faoliyat ko‘rsatuvchi maxsus shtab ishlab turibdi.

Ammo shunga qaramay, tarqalgan vahimali xabarlar sabab ehtimol, odamlar ko‘chaga chiqishdan qo‘rqib qolgandek. Har doim gavjum bo‘lishi odatiy holga aylangan jamoat joylarida odamlar harakatining 3 dan bir qismga kamayganligini sezish mumkin.

Bir oz avval Xitoyda yangi tipdagi koronavirus pnevmoniyasi bilan kasallangan bemorlar soni 9 692 nafarga yetganligi to‘g‘risida xabar qilindi. 

Kasallanganlarning 213 nafari halok bo‘lgan. Oxirgi bir sutka davomida 1 982 yangi holat aniqlangan.

Mamlakatlar geografiyasi kengayib, Xitoydan tashqari Tailand, Yaponiya, Janubiy Koreya, AQSh, Kanada, Vyetnam, Singapur, Nepal, Fransiya, Avstraliya, Malayziya, Finlyandiya, BAA, Hindiston, Rossiya kabi davlatlarda virusning yuqtirish holati qayd etilgan.