O‘zbekiston parranda go‘shti importiga cheklov o‘rnatdi

O‘zbekiston epizootik vaziyat tufayli parranda importiga vaqtincha cheklov o‘rnatdi. Yuqumli kasalliklar qo‘zg‘atuvchi hayvonlarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida kerakli chora-tadbirlar qo‘llanildi.
Sputnik

TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Tirik parranda va parranda mahsulotlarining O‘zbekistonga import qilinishi bo‘yicha vaqtinchalik cheklov o‘rnatildi. Bu haqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining axborot xizmati xabar qildi. 

O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasidagi barcha parvozlar vaqtincha to‘xtatildi

Qayd etilishicha, epizootik vaziyat  murakkablashganligi bois, respublika hududiga yuqumli kasalliklar qo‘zg‘atuvchi hayvonlarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida kerakli chora-tadbirlar qo‘llanilgan.

Ya’ni “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasiga muvofiq parranda grippi qayd etilgan davlatlardan tirik parranda, parranda go‘shti, termik ishlovdan o‘tmagan barcha turdagi parranda mahsulotlarini import qilishga vaqtincha cheklov joriy qilingan.

 Shuningdek, naslli inkubatsion tuxum va bir kunlik jo‘jalar, parranda grippiga moyil bo‘lgan yovvoyi qushlar importiga ham taqiq qo‘yilgan.

Parranda va parranda mahsulotlari importi cheklovi — Afg‘oniston, Bangladesh, Bolgariya, Butan, Vyetnam, JAR, Kambodja, Xitoy, Hindiston, Misr, Iroq, Isroil, Quvayt, Meksika, Namibiya, Nepal, Nigeriya, Rossiya, Eron (Mazondoron provinsiyasi) kabi davlatlar bo‘yicha o‘rnatilgan.