Ayrim import transport vositalari uchun ekologik sertifikat olish kerak – hukumat qarori

O‘zbekistonga olib kiriladigan “M” va “N” toifalardagi g‘ildirakli yangi transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligini ekologik sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Sputnik

TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Hukumat qarori bilan O‘zbekistonga olib kiriladigan “M” va “N” toifalardagi g‘ildirakli yangi transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligini ekologik sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nima uchun O‘zbekiston Qirg‘izistonda avtomobil zavodini ochmayapti? – amaldor javobi

Nizomga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslar O‘zbekistonga olib kiriladigan g‘ildirakli yangi transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligi bo‘yicha ekologik sertifikatlash hujjatlarini “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri sertifikatlash organiga takdim etadi.

G‘ildirakli yangi transport vositalari - ishlab chiqarilgan kundan boshlab 3-yildan ortiq vaqt o‘tmagan yo‘lovchilar, bagaj va yuklarni tashish hamda maxsus ishlarni bajarish uchun mo‘ljallangan avtomobillar, shatakka oluvchi avtomobillar, tirkamalar va yarim tirkamalar.

Ekologik sertifikatlash organi tomonidan mazkur transport vositalarining ko‘rsatkichlari ifloslantiruvchi moddalar tashlamalari meyorlariga muvofiqligi tahlil qilinadi.

Ekologik sertifikat g‘ildirakli yangi transport vositasini bojxonada rasmiylashtirish maqsadida bojxona organiga taqdim etiladi.

Arizani ko‘rib chiqish, ekologik sertifikatlash jarayonini amalga oshirish va ekologik sertifikat berish yoki uni berishni rad etish bo‘yicha ishlarning qiymati tomonlar kelishuvi asosida tuzilgan shartnomaga muvofiq belgilanadi.

Ushbu qaror 2022-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.