TOShKENT, 31 yanv - Sputnik. Toshkentda yana bir zamonaviy oliygoh - Geologiya fanlari universiteti ochiladi, bu haqida prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev 31-yanvar kuni Toshkent shahridagi Olimlar ko‘chasida joylashgan ilmiy-tadqiqot instituti asosida ochiladigan yangi universitet kampusiga tamal toshi qo‘ydi, deyilgan xabarda.
Yangi oliygoh ta’lim va ilm-fan klasteri shaklida bo‘ladi. 4 ta institutning moddiy-texnik bazasi va ilmiy kadrlar salohiyati birlashtirilib, eng ilg‘or uskunalar bilan jihozlanadi. Sankt-Peterburg tog‘-kon universiteti va boshqa nufuzli dargohlar bilan hamkorlikda ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
- Bir paytlar O‘zbekistonda geologiya ancha rivojlangan, raqobatbardosh soha edi. Hatto boshqalar kelib, yurtimiz mutaxassislaridan tajriba o‘rganib ketardi. Lekin oxirgi o‘ttiz yilda bu soha e’tibordan chetda qolib ketdi. Bor salohiyatni saqlab qololmadik. Olimlarga yo‘nalish, rag‘bat bo‘lmadi. Zamonaviy kadrlar yetishib chiqmadi. Aslida, geologik tadqiqotlar iqtisodiyotning hamma sohalari uchun kerak. Tashxissiz bemorni operatsiya qilib bo‘lmaganidek, geologiyasiz sanoatni rivojlantirib bo‘lmaydi. Biz bugun shu soha rivojiga asos bo‘ladigan ilm dargohiga poydevor qo‘ymoqdamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Geologiya fanlari universiteti qurilishiga oid loyihalar bilan tanishdi. O‘quv binolari va laboratoriyalarni chet el tajribasi hamda kasb spetsifikasidan kelib chiqib qurish, maydonlardan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev o‘zining parlamentga qilgan murojaatnomasida 2020-yil mamlakatimizda Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e’lon qilgan edi.