Sal kam 130-yil yashagan onaxon insoniyatga nimani vasiyat qilgan edi

Tojikistonda eng uzoq yashagan 126 yoshli Fotima Mirzoqulova vafot etdi. Sputnik O‘zbekiston muxbiri bevosita onaxon bilan uchrashgan tojikistonlik jurnalist Munira Meliboyeva bilan suhbatlashdi.
Sputnik

TOShKENT, 30 yanv – Sputnik. Tojikistonda eng uzoq yashagan 126 yoshli Fotima Mirzoqulova vafot etdi.

Sputnik O‘zbekiston muxbiri onaxon bilan uchrashgan tojikistonlik jurnalist Munira Meliboyeva bilan suhbatlashdi.

Sal kam 130-yil yashagan onaxon insoniyatga nimani vasiyat qilgan edi

“Fotima ena dunyoda men bilgan, suhbatlashgan eng yoshi ulug‘ inson edilar! 127 yoshli Fotima ena bilan uchrashuvimiz redaksiya topshirig‘i bilan emas, tasodifiy, bo‘ldi. Balki shuning uchun u kishi haqida e’lon qilishga shoshmadim. Ammo 25-yanvar kuni Fotima onaning vafotlarini eshitib, oyog‘im ostida yer titragandek bo‘ldi, xayolimda dunyoning eng ustuvor ustuni qulagandek. Asrlarni, davrlarni, davronu hoqonlarni qaritib kelayotgan Fotima enaning o‘zlari ham so‘nggi safarga yo‘l olibdilar. Demak...  demak o‘sha suhbatda video tasmaga yozib olganim Fotima onaning oxirgi suhbatlari, menga nasihat, balki insoniyatga vasiyatlari ekan!..

Uzoq yashashning siri: mehnat va sadoqatda!

Fotima ona bilan uchrashuvimiz payti hammani qiziqtirgan savol: uzoq yashashlarining sirini so‘ragan edim. Ona uzoq sukut qildilar. Sakson yoshli qizlari Rohatoy qistovidan so‘ng hammasini ochib soldilar:

"Kolxozga ishlaganmiz, umrimiz qop ko‘tarish bilan, zambar ko‘tarish bilan o‘tgan. Farg‘ona kanaliga borganmiz, undayam zambar ko‘targanmiz. Umrimiz mehnat bilan o‘tgan.

Bitta chol kasal bo‘lib qoldi, o‘ladig‘an bo‘lib, shundan ishdan qoldim, bo‘lmasam hech ishdan qolg‘an emasman. Birinchi bo‘lib paxtadayam, paxta terganmiz, ko‘rak qilganmiz. Hamma ellik kilo, o‘ttiz kilo tersa men yuz kilo terardim..."

"Bitta chol" va unga sadoqat tarixi

Otasi Bozorboy Fotima Mirzoqulovani 20 yoshida Ahmadali ismli hamqishlog‘iga turmushga beradi. Bu nikohdan Ro‘ziboy, Oysulov va Rohatoy ismli farzandlari tug‘iladi. 1941-yil umr yo‘ldoshi Ulug‘ Vatan urushiga yuborilib, xat-xabarsiz ketadi. Fotima ona bolalarini yolg‘iz katta qiladi. Erining dom-daraksiz ketganidan o‘n yil o‘tgach qarindosh urug‘lari qo‘yarda qo‘ymay 58 yoshli Fotima onani 72 yoshli hamurti Mahkamboyga uzatishadi. Bu turmushdan Anorxon, Ne’matullo, Chinoroy, Xumoroy va Saksonboy tug‘iladi.

O‘n besh yil uzoqroq umr ko‘rishni xohlaysizmi - olimlar tavsiyalari

Fotima ona ikkinchi turmushini shunday eslaydi:

–   Ko‘p og‘ir zamonlar edi. Qarindoshlar qo‘yarda qo‘ymay turmushga berdi. Mahkamboy bilan 36-yil yashadik. Besh farzand ko‘rdik. Kenjamni tuqqanimda men 66 yoshda, xo‘jayinim 80 yoshda edilar. Shuning uchun ham o‘g‘limizning nomini Saksonboy qo‘yganmiz. O‘ttiz yil burun Saksonboyning otasi ham vafot etdi. Shundan buyon bolalarim, nevara, evara, chevaralar bilan yashab kelyapman...

Fotima ona jami sakkiz farzand ko‘radi. Hozir onaning to‘ng‘ich farzandlari Oysuluv 92 yoshda, undan keyingisi Ro‘ziboy 88 yoshda, uchinchi qizlari Rohatoy esa 80 yoshda. Fotima ona sakkiz farzandini bolalari – 56 nevarasi, 200 evarasi borligini aytadi. Chevaralarining nechtaligini aniq aytolmaydi. Enaning nevarasi Muhammadjon Qobilov chevaralar soni ham nevaralarnikidan kam emasligini aytadi.

Sal kam 130-yil yashagan onaxon insoniyatga nimani vasiyat qilgan edi

1893 yilning 13-martida tug‘ilgan Fotima ona umrining qariyb chorak asri oq poshsho davri, Rus imperiyasi hukmdori Nikolay II zamonida Qo‘qon xonligi tugatilib, o‘rnida tiklangan Turkiston general-gubernatorligida o‘tgan. Ulug‘ oktabr revolyutsiyasi ro‘y berganida Fotima ona 24 yoshda bo‘lgan.

Fotima ona uch asr – XIX, XX va XXI yuz yilliklar hamda uch tarixiy davr – poshsholik, sotsializm va mustaqillikda, uch davlat – Rus imperiyasi Turkiston general-gubernatorligi, Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi Tojikiston SSR va mustaqil Tojikistonda yashadi. Insoniyat tarixidagi uch qirg‘inbarot urushning tirik guvohi bo‘ldi, achchiq ta’mini totdi.