SSV o‘smir qizlar nega ko‘rikdan o‘tkazilayotganini tushuntirdi

Sal oldin ijtimoiy tarmoqlarda bir tumanda uch nafar o‘smir qizlar homilador bo‘lgani tufayli, barcha maktab o‘quvchilari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi
Sputnik

TOShKENT, 30 yanv - Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, bir tumanda o‘smir qizlarning homilador bo‘lib qolgani va buning oqibatida tumandagi barcha o‘quvchi qizlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilayotgani to‘g‘risidagi xabar bo‘xton, degan bayonot bilan chiqdi Samarqand sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.

Qozog‘iston shimolida 33 nafar o‘quvchi homilador bo‘ldi

"Aholi o‘rtasida kasalliklarni erta aniqlash va dastlabki bosqichlarda bartaraf etish maqsadida Samarqand viloyatining nafaqat Tayloq tumani, balki, barcha shahar va tumanlarida tor soha xodimlari ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil etilmoqda", - deyiladi rasmiy bayonotda.

Ta’kidlanishicha, 2019-yil davomida viloyat profilaktika-davolash muassasalari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalarining mutaxassislari tomonidan maktabgacha ta’lim va ta’lim muassasalari hamda uyushmagan aholi o‘rtasida 200dan ortiq tibbiy ko‘riklar tashkil etilgan.

Uch million uch yuz mingga yaqin fuqaro tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan. Shundan bir milliondan ziyodi 1 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardir.