Saida Mirziyoyeva va Komil Allamjonov AOKAdan ketishdi

Ma’lum bo‘lishicha, sal oldin AOKA direktori v.b. Komil Allamjonov va direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva kelgusi mehnat faoliyatlarini nodavlat sektorda davom ettirish rejalari bilan bog‘liq murojaatlarini prezident Administratsiyasiga kiritishgan
Sputnik

TOShKENT, 29 yanv - Sputnik. Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezident Administratsiyasi Rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov boshchiligida kengaytirilgan majlis bo‘lib o‘tdi.

Majlisda AOKA direktori v.b. K.Allamjonov va direktor o‘rinbosari S.Mirziyoyeva kelgusi mehnat faoliyatlarini nodavlat sektorda davom ettirish rejalari bilan bog‘liq murojaatlarini Prezident Administratsiyasiga kiritishgani va Prezident Administratsiyasi tomonidan ushbu murojaatlari ko‘rib chiqilib, qondirilgani haqida e’lon qilindi.

Tadbir doirasida Agentlik direktori v.b. K.Allamjonov va direktor o‘rinbosari S.Mirziyoyeva o‘z rahbarlik faoliyati davomida amalga oshirgan ishlari haqida qisqa hisobot berib, shuningdek, kelajakdagi jamoatchilik yo‘nalishi bilan bog‘liq rejalari borasida fikr bildirishdi.

Majlis yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbari Z.Nizomiddinov Agentlik tomonidan erishilgan yutuqlarni alohida ta’kidlab, K.Allamjonov va Saida Mirziyoyevalarning respublika OAV sohasida demokratik islohotlarni amalga oshirishda, jurnalist va blogerlarning huquqlarini himoya qilishda, davlat organlari rahbarlarining mass-media bilan o‘zaro munosabatlari samaradorligini oshirishdagi shaxsiy hissalarini yuqori baholab, O‘zbekiston davlati rivojlanishi yo‘lidagi kelgusi ishlariga zafarlar tiladi.