“Cotton Campaign” delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyuradi

“Cotton Campaign” O‘zbekistonning paxta mahsulotlarini jahonga mashhur tekstil va tayyor kiyim ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan boykot qilinishi tashabbuskori bo‘lgan.
Sputnik

TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. Joriy yilning 27 yanvar-6 fevral kunlari “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasining O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, tashrif davomida xalqaro koalitsiya vakillari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda qator tashkilot va idora rahbarlari bilan uchrashadi. 

AQSh O‘zbekiston paxtasini “qora ro‘yxat”dan chiqardi

Uchrashuvda koalitsiya vakillari Mehnat vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganib chiqishadi.

Cotton Campaign – bu mehnat va huquqni muhofaza qiluvchi, investor va biznes-tashkilotlarining xalqaro koalitsiyasi bo‘lib, uning maqsadi paxta yetishtirish jarayonini bolalar mehnati hamda majburiy mehnatdan butkul xoli etishdir.

Koalitsiya O‘zbekiston hamda Turkmaniston davlatlarining paxta mahsulotlarini jahonga mashhur tekstil va tayyor kiyim ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan boykot qilinishi tashabbuskoridir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda mehnatga ma’muriy tarzda majburlash uchun javobgarlik kuchaytirilgani xabar qilingan edi.