Toshkentda elektron tibbiyot tizimi joriy etilishi mumkin

Poytaxt hokimligida IHMG ta’sischisi Do‘g‘ru Savash bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida Toshkent shahridagi sog‘liqni saqlash muassasalarida elektron tibbiyot tizimini joriy etish masalasi muhokama etildi.
Sputnik

TOShKENT, 27 yanv - Sputnik. Toshkentda elektron tibbiyot tizimi joriy etilishi mumkin. Poytaxt hokimi IHMG ta’sischisi Do‘g‘ru Savash bilan uchrashuvda Toshkent shahridagi sog‘liqni saqlash muassasalarida elektron tibbiyot tizimini joriy etish masalasini muhokama qildi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Do‘g‘ru Savash ushbu tizim afzalliklari haqida to‘xtalib o‘tgan.

Tibbiyot xodimlari uchun ham bodi kameralar sinovdan o‘tmoqda

Ta’kidlanishicha, bu tizim aholi jon boshiga qancha va qaysi ixtisoslikdagi tibbiyot muassasalari zarurligi, bugungi kunda qanday kasalliklar ko‘rsatkichi yuqori ekanligi, dorilarga bo‘lgan talab va ehtiyoj kabi qator masalalarda aniq statistika yuritish va shundan kelib chiqib, ishni tashkil etish, tibbiyotning ma’lum yo‘nalishlarini rivojlantirish kerakligi borasida xulosa qilish imkonini beradi.

Uchrashuvda elektron tibbiyotni joriy etish va rivojlantirish zarurati, buning uchun talab etiladigan chora-tadbirlar atroflicha muhokama qilindi.

HMG ta’sischisiga poytaxt aholisi soni hamda ularning tibbiyot yo‘nalishidagi murojaatlaridan kelib chiqqan holda shahar uchun qancha davolash-profilaktika, tahlil va tashxis muassasalari kerakligi borasida ma’lumot tayyorlash taklif qilindi.

Xabarda tomonlarning bu yo‘nalishdagi fikr va tajriba almashinuvi davom etishi qo‘shimcha qilingan.