“Dunyo miqyosida xavotirli tus olmoqda”: SSV ham xorijga chiqmaslikni tavsiya qildi

Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorligi kuzatilmoqda. Xitoydan va boshqa chet davlatlardan ushbu infeksiyaning kirib kelish holatlari qayd etilmagan.
Sputnik

TOShKENT, 27 yanv - Sputnik. O‘zbekiston Sog‘lini saqlash vazirligi fuqarolarga Xitoyga, zarurat bo‘lmaganda xorijga vaqtinchalik chiqmaslikni tavsiya qilmoqda.

Uxandan qaytib kelgan talabalarga mutaxassislar bilan bog‘lanish qat’iy tavsiya qilindi

“Koronavirus bo‘yicha yuzaga kelgan murakkab epidemik vaziyat dunyo miqyosida xavotirli tus olmoqda. Rivojlangan davlatlar, jumladan, Yaponiya, Janubiy Koreya, Tailand, Vyetnam, Singapur, Tayvan, Fransiya va AQShda ham ushbu virus aniqlangan", –deydi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov. 

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu epidemik vaziyatga qarshi mamlakatda kerakli barcha choralar ko‘rilmoqda. Xususan, havo, avtomobil va temir yo‘l transporti obyektlarida sanitariya-epidemiologiya va migratsiya nazorati kuchaytirilmoqda. Xitoydan qaytayotgan fuqarolarga tibbiy nazorat o‘rnatilgan. Ammo bu xavfsizlikni to‘liq kafolatlaydi, degani emas.

“Negaki, koronavirus infeksiyasi havo tomchilari orqali o‘tishi, insondan insonga yuqishi, shuningdek, kasallikning yashirin davri 1 – 14 kungacha kechishi jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Shu bois fuqarolarimizdan Xitoyga, zarurat bo‘lmaganda, boshqa xorijiy davlatlarga ham vaqtinchalik bormaslikni tavsiya qilaman”, - dedi Shodmonov.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda mavsumiy gripp kasalligi va koronavirus infeksiyasi bo‘yicha tizimli ravishda epidemik nazorat yo‘lga qo‘yilgan.

Ayni paytda respublikada koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorligi kuzatilmoqda. Xitoydan va boshqa chet davlatlardan ushbu infeksiyaning kirib kelish holatlari qayd etilmadi. Mamlakatda epidemik vaziyat barqarorligini ta’minlash maqsadida SSV muayan profilaktik tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu borada aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

O‘zbekiston Xitoydagi koronavirus tufayli chegaradagi sanitar nazoratni kuchaytirdi

Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan bemorlar uchun Virusologiya ilmiy tekshirish va Emidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutlari klinikasi, Qoraqalpog‘iston SSV, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining yuqumli kasalliklar shifoxonalarida maxsus boks palatalari, ular uchun tegishli dori-darmonlar zaxirasi aratilgan.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” va “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyalari hamda hududlardagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari bosh vrachlariga chet davlatlarda kuzatilayotgan koronavirusning angi turi bilan bog‘liq murakkab epidemik vaziyat bo‘yicha hushorlikni oshirish va bu kasallikning respublika hududiga kirib kelishining oldini olish borasida chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish to‘g‘risida tavsiya va topshiriqlar berilgan.

Xitoyda koronavirus qurbonlari soni tez ko‘paymoqda

Shuningdek, vazirlik Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga koronavirus bo‘yicha epidemik vaziyat barqarorlashgunga qadar zarurat bo‘lmagan hollarda Xitoyga o‘zbekistonlik sayyohlarni yubormaslik to‘g‘risida ham tavsiya bergan.