Prorektor diplomi soxta bo‘lib chiqdi - OAK

Azamat Akbarov 2009-2016 yillar davomida BURCH universitetida faoliyat yuritgan. Lekin ushbu xalqaro universitet talabasi bo‘lmagan.
Sputnik

TOShKENT, 25 yanv - Sputnik. Samarqand shahridagi "Ipak yo‘li" turizm xalqaro universiteti birinchi prorektori Azamat Akbarovning filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)diplomi qalbakiligi aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi rasmiy bayonotida e’lon qilindi.

Bishkekda o‘zbekistonlik qalbaki qirg‘iz pasporti bilan qo‘lga olindi

2019 yil dekabr oyining boshlarida OAKga “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetining birinchi prorektori Azamat Akbarovga Bosniya va Gersegovina davlatining BURCH xalqaro universiteti  tomonidan berilgan va 2019-yil 5-fevralda OAK Rayosatining qaroriga asosan nostrifikatsiya qilingan filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) diplomining qalbakiligi to‘g‘risida og‘zaki ma’lumotlar kelib tushadi.

OAK tomonidan mazkur masalani atroflicha o‘rganib chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda tegishli tadbirlar amalga oshirilib, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, BURCH xalqaro universitetiga rasmiy murojaatlar yuborildi.

Mas’ul tashkilotlardan rasmiy javob xatlari olingunga qadar dastlabki tekshiruvlar natijasi asosida OAK Tartib-qoida komissiyasi tavsiyasiga ko‘ra, OAK Rayosati yig‘ilishida mazkur masala muhokama etilib, Azamat Akbarovning nostrifikatsiyalangan diplomi vakolatini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.  

Qalbaki hujjatlar bo‘yicha o‘zbeklar Finlandiyada birinchi bo‘ldi

2020 yil 21-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali BURCH xalqaro universiteti rektori janob Mersid Poturak nomidan rasmiy javob xati olindi.

Unda qayd etilishicha, Azamat Akbarov 2009-2016 yillar davomida ushbu universitetda faoliyat yuritgan. Lekin BURCH xalqaro universiteti talabasi bo‘lmagan. Unga tegishli diplomning shakli, formati va muhri ham universitetning amaldagi diplom namunasiga to‘g‘ri kelmaydi. Bundan tashqari, diplom Azamat Akbarovga 2009-yil 20-avgustda berilgani qayd qilingan. BURCH xalqaro universiteti esa 2008-yilda tashkil etilgan.

Yuqoridagi rasmiy hujjatlarga asosan OAK Rayosatining qarori bilan Azamat Akbarovga tegishli falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olganligi to‘g‘risidagi nostrifikatsiyalangan diplomi bekor qilindi.