Uxan shahrida 30dan ortiq o‘zbekistonlik talabalar bo‘lishi mumkin – TIV

Xitoyning 2019-nCoV koronavirusi tarqalayotgan Uxan shahrida 250 nafar atrofida O‘zbekiston fuqarosi, asosan oliy ta’lim muassasalari talabalari yashaydi.
Sputnik

TOShKENT, 24 yanv — Sputnik. Xitoyning 2019-nCoV koronavirusi tarqalayotgan Uxan shahrida 250 nafar atrofida O‘zbekiston fuqarosi, asosan oliy ta’lim muassasalari talabalari yashaydi. Ularning nisbatan ko‘pchiligi semestr yakunlangani sababli vatanga qaytishgan.

O‘zbekiston aholisi koronavirusdan qay darajada himoyalangan?

Hozirda shaharda 30dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi mumkin, deb xabar qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

“Ularga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish uchun “Wechat” ijtimoiy tarmog‘ida “Uxan 2020 O‘zbekiston” guruhi tuzildi. Talabalarga xotirjamlikni saqlash, zaruriy ehtiyot va profilaktika choralariga amal qilish kerakligi tushuntirildi, elchixona konsullik bo‘limi xodimlarining telefon raqamlari berildi”, – deyiladi xabarda.

TIV Konsullik-huquqiy departamenti Xitoy hududidagi O‘zbekiston fuqarolariga zarurat tug‘ilgan holatlarda mamlakatning Pekin shahridagi elchixonasiga (tel.: +8610-6532-6305) hamda Shanxay shahridagi bosh konsulxonasiga (tel.: +8621-6307-1896) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan.

Uxanda maxsus shoshilinch shtab joylashtirilgan va 23-yanvar soat 10:00dan boshlab jamoat transporti vaqtincha to‘xtatilgan, aeroport va temir yo‘l reyslari bekor qilingan. Shahardan chiqish yo‘llari yopilgan. Shaharning barcha transport vositalari huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan nazoratga olingan.