Mirziyoyevning Parlamentga murojaatnomasi Tashkent Citydagi Kongress xollda bo‘lib o‘tadi

Tadbir o‘tkazilish joyi etib an’anaviy O‘zbekiston Forumlar majmuasi emas, balki 2019-yilda qurib bitkazilgan va poytaxt ko‘rkiga aylanishga ulgurgan Tashkent Citydagi Kongress xoll tanlangan.
Sputnik

TOShKENT, 24 yanv — Sputnik. Shavkat Mirziyoyevning Parlamentga murojaatnomasi ilk marotaba an’anaga ko‘ra yil yakunida emas, balki yil boshida o‘tkazilmoqda.

Shavkat Mirziyoyevning yillik murojaatnomasi jonli efirda namoyish etiladi

Tadbir o‘tkazilish joyi etib an’anaviy O‘zbekiston Forumlar majmuasi emas, balki 2019-yilda qurib bitkazilgan va poytaxt ko‘rkiga aylanishga ulgurgan Tashkent Citydagi Kongress xoll tanlangan, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Garchi murojaatnoma mazmuni haqida prezident matbuot xizmati tomonidan ma’lumot berilmagan bo‘lsa-da, ammo Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida 2020-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar haqida to‘xtalgan edi. Bu - ijtimoiy masalalarni hal etish maqsadida muhim dasturlar qabul qilish, mamlakatda korrupsiyaga va jinoyatchilikka qarshi keskin kurashish muhitini yaratish hamda huquqbuzarlikning barvaqt oldini olishda, davlat idoralarining jamiyatda xotin-qizlar rolini oshirish borasidagi ishlari ustidan nazoratni kuchaytirishda faol bo‘lishi kerakligi aytib o‘tilgandi.

Murojaatnomada ishtirok etayotgan mehmonlar orasida hukumatning barcha a’zolari, vazirlar, viloyat va shahar rahbarlari, nazorat va ijro organi rahbarlari, O‘zbekistondagi diplomatik missiyalar vakillari, turli konfessiyalar rahbarlarini ko‘rish mumkin.

Prezident bu galgi Murojaatnomada oldingi ikki yillik muddat davomida o‘z yechimini topmagan muammolarni o‘rtaga tashlaydi va ularni aniq yechimi haqida ham albatta aytib o‘tadi.

Mirziyoyevning Parlamentga murojaatnomasi Tashkent Citydagi Kongress xollda bo‘lib o‘tadi

Eslatib o‘tamiz, sal oldin O‘zbekiston prezidentining Oliy Majlisga murojaatnomasi 24-yanvar, juma kuni davlat va nodavlat telekanallari orqali soat 11.00da jonli efirda namoyish etilishi haqida xabar bergan edik.

Mirziyoyevning Parlamentga murojaatnomasi Tashkent Citydagi Kongress xollda bo‘lib o‘tadi

Murojaatnoma MTRKning 4 ta teleradiokanali - “O‘zbekiston 24”, “O‘zbekiston”, “Yoshlar”, “Mahalla”, 5 ta telekanali - “Madaniyat va ma’rifat”, “O‘zbekiston tarixi”, “Dunyo bo‘ylab”, “Oilaviy”, “Toshkent” hamda 12 ta hududiy teleradiokompaniya orqali efirga uzatiladi.

Ushbu muhim jarayonni, shuningdek, 5 ta nodavlat telekanal (“MY5”, “Sevimli”, “UzReport”, “MilliyTV” va “Zo᾽rTV”, prezidentning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, internetdagi tegishli saytlar orqali ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomosha qilish mumkin.

Aholining barcha qatlamlarini qamrab olish maqsadida murojaatnoma surdo hamda rus va ingliz tilidagi tarjima bilan namoyish etiladi.

Bu Shavkat Mirziyoyevning parlamentga yo‘llagan uchinchi murojaatnomasi bo‘ladi. Murojaatnomada prezident o‘tgan yilni sarhisob qiladi va asosiy maqsadlar va O‘zbekistonning yaqin kelajakdagi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilaydi. Qolaversa, u yil nomini e’lon qiladi.