Xavfli virus sabab boks bo‘yicha Xitoydagi turnir bekor qilindi

Joriy yilning 3-14 fevral kunlari Xitoyning Uxan shahrida boks bo‘yicha Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi musobaqa o‘tishi belgilangan edi.
Sputnik

TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. Boks bo‘yicha Xitoyda o‘tadigan Tokio-2020 litsenzion turniri bekor qilindi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 3-14 fevral kunlari Xitoyning Uxan shahrida Osiyo-Okeaniya qit’alari uchun boks bo‘yicha Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi musobaqa o‘tishi belgilangan edi.

“Afsuski, ushbu hududda hayot uchun xavfli koronavirusning tarqalishi sabab litsenzion turnir bekor qilindi”, - deyilgan xabarda.

Ta’kidlanishicha, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi shafeligida o‘tadigan musobaqa qachon va qayerga ko‘chirilishi borasida yangilik yaqin kunlar ichida e’lon qilinadi.

Hozirda O‘zbekiston terma jamoasi Uishan shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda.