TOShKENT, 21 yanv — Sputnik. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Tomskdagi fojia munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy hamdardlik bildirdi.
“Tomsk viloyatida fojia sodir bo‘ldi. Yong‘in oqibatida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘n nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. Bu ularning yaqinlari uchun katta musibat. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va halok bo‘lganlarning oilalariga samimiy hamdardlik bildiraman”, - deya yozgan Qodirov telegram kanalida.
2020 yil 21-yanvarga o‘tar kechasi Tomsk viloyati, Asino tumanidagi bir qavatli yog‘ochdan yasalgan qurilish binosi yonib ketgan. Yog‘ochni qayta ishlash korxonasi ishchilari yashagan ushbu binoda 11 kishining jasadi topilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning 10 nafari O‘zbekiston fuqarolari, yana bir nafari esa rossiyalik ayol. Halok bo‘lganlarning shaxslari aniqlanmoqda. Yong‘in oqibatida yana ikki nafar o‘zbekistonlik jabrlangan. Ular yengil jarohat olgan va tibbiy yordam ko‘rsatilgandan keyin qo‘yib yuborilgan.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan va mahalliy hokimiyat organlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.
Ushbu hodisa yuzasidan Rossiya JKning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.