TOShKENT, 20 yanv – Sputnik. Tashqi ishlar vazirligi “Xorijda bo‘lgan (bo‘lib turgan) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning konsullik ro‘yxatini yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash to‘g‘risidagi” buyruq loyihasini tayyorlab, umumiy muhokamaga qo‘ydi.
Yo‘riqnoma xorijda bo‘lgan (bo‘lib turgan) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning konsullik ro‘yxatini yuritish tartibini belgilaydi.
“Xorijda doimiy yashayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalarida doimiy yoki vaqtincha konsullik ro‘yxatiga olinishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni doimiy yoki vaqtincha konsullik ro‘yxatiga olish mazkur fuqarolar turgan konsullik okrugi hududiga tegishli bo‘lgan konsullik muassasasi tomonidan amalga oshiriladi”, - deyilgan hujjatda.
Loyihada aytilishicha, xorijda doimiy yashovchi yoki vaqtincha turuvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning konsullik ro‘yxatiga (doimiy, vaqtincha) qo‘yish uchun ariza berish tartib-taomili interfaol xizmatlar sayti vositasida masofadan ham amalga oshirilishi mumkin.
“Xorijga xizmat safariga, o‘qish, davolanish, ishlash va o‘z oilasi bilan birlashish uchun chiqib ketgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar vaqtincha konsullik ro‘yxatiga rasmiylashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs turgan mamlakatida qonuniy ravishda bo‘lsa va u mamlakatga olti oydan ortiq muddatga kelgan bo‘lsa vaqtincha konsullik ro‘yxatiga olinadi”, - deyilgan buyruq loyihasida.
Hujjat loyihasida xorijda doimiy yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga olish uchun konsullik muassasasiga taqdim etiladigan hujjatlar sanab o‘tilgan.