O‘zbekiston 2025-yilga borib gaz eksportini to‘xtatishi mumkin

O‘zbekistonda 2025-yilga borib gazni eksport qilishni to‘xtatish va tabiiy gazni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish choralari ko‘riladi.
Sputnik

TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. O‘zbekiston 2025-yilga borib tabiiy gaz eksportini to‘xtatishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov O‘zLiDeP siyosiy kengashining yig‘ilishidagi chiqishi davomida ma’lum qildi.

O‘zbekistondagi neft va gaz konlarining umumiy zaxirasi haqidagi ma’lumot ochiqlandi

Bosh vazir so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlaridan biri hisoblangan yoqilg‘i-energetika sohasini rivojlantirish yangi bosqichga olib chiqiladi.

Bunda, 2030-yilgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini qariyb 2 barobarga, neft mahsulotlari hajmini 1,8 barobarga, tabiiy gaz qazib chiqarishni 1,2 barobarga, ko‘mir qazib olishni esa 3,3 barobarga oshirish ta’minlanadi.

“Lekin, 2025-yilga borib, tabiiy gazni eksport qilishni to‘xtatish va tabiiy gazni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish choralari ko‘riladi. Elektr energiya ishlab chiqarishda esa muqobil energiya manbalaridan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratiladi”, - deya Aripov so‘zlaridan keltiradi O‘zA.

Ma’lum qilinishicha, energiya sarfini kamaytirish maqsadida joriy yil oxirigacha barcha iste’molchilarga elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish bo‘yicha elektron hisoblagichlar to‘liq o‘rnatiladi. Shu orqali iste’molchilarga noreal hisoblanayotgan qo‘shimcha to‘lovlar bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilishi ta’minlanadi.