Qudratxo‘jayev instagram yulduzlarini ozoda turmush tarzini targ‘ib qilishga chaqirdi

Sherzod Qudratxo‘jayev faqat kiyimini va yeyish-ichishini ko‘z-ko‘z qilayotgan, ekologiyaga befarq yulduzlarni tanqid qildi. 
Sputnik

TOShKENT, 15 yanv – Sputnik. Qudratxo‘jayev yosh ijtimiy tarmoq yulduzlarini nafaqat brendli liboslar balkim to‘g‘ri turmush tarzini ham targ‘ib qilishga chaqirdi, Sputnik muxbiri xabariga asosan.

Bugun, 15-yanvar kuni Toshkent viloyatida joylashgan “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurortida Xalqaro press-klubiining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda press-klub raisi ayrim yosh mashhurlarning kelmaganidan ta’na qildi.

Ekologiya qo‘mitasi Burchimulladagi topchanlarni olib tashladi

Sessiyada shuningdek, tog‘-chang‘i kurortlarida odamlar xavfsizligining qay darajada ta’minlanganligi, oxirgi bir oyda  tog‘-chang‘i kurortlarida qancha odam ehtiyotsizlik qurboni bo‘lgani, sayohat va dam olish tushunchasi hamda tog‘-chang‘i kurortiga dam olishga chiqqanlar chiqindini qayerga tashlayotganliklari yuzasidan atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Sessiyani jonli tarzda efirga uzatish maqsadida bir qancha telekanallar tashrif buyurdi.  

Sherzod Qudratxodjayev Amirsoy tog‘-chang‘i kurortida o‘tkazilayotgan sessiyaga ayrim yosh estrada yulduzlarining chaqirilganliklari, ammo ularning ko‘rsatuvga kelmaganliklarini ta’na kildi. Ularni ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.

“Bugun yosh yulduzlarimiz instagrammda ikki milliondan kuzatuvchilarga ega. Lekin ular faqat o‘zi, o‘z foydasi uchun ishlaydi. Nima yeyishidan tortib, libosigacha reklama qilishadi. Mayli, qilaverishsin o‘sha reklamani, lekin tabiatga nisbatan mas’uliyatni ham unutishmasin” deydi Qudratxo‘jayev mashhurlarning aynan ismini sir tutgan holda.

Shuningdek, Qudratxo‘jayev yulduzlarga tana a’zolarini, brend liboslarini reklama qilishdan ko‘ra, to‘g‘ri yashash tartibi, ozodalikka rioya etish kabi g‘oyalarni o‘z sahifalarida targ‘ib qilib, ularni sevuvchi yoshlarga ijobiy o‘rnak bo‘lishga chaqirdi.

Axlat tashlagan haydovchi 2,2 mln so‘mga jarimaga tortildi

Sessiyaga taklif etilgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova esa 1988-yilda hamkasblar bilan birgalikda Angliyaga borgani, ushbu shaharning ozodaligiga barcha hamkasblari qatorida havas qilganligini so‘zlab berdi.

“Samolyotdan tushishimiz bilan hayratdan og‘zimiz ochilib qoldi. Yerning biron bir burchagida yo po‘choq yo tamaki, hech narsa yo‘q, hammasi qutiga tashlangan. Angliyaning 13 ta shahriga borib ham ana shunday ozodalikka duch kelganmiz. Buni ko‘rgan rahmatli Obid Yunusov “Voe-y, bularning “musor”lariyam chiroyli-yey!” deb yuborgan” deya eslaydi Saida Rametova.

“Ammo bir narsani aytishim kerak, O‘zbekistondagi hozirgi davrni olib qaraydigan bo‘lsak,  ozodalikka erishish masalasida 70 foiz o‘sish bor” deydi yana u.