O‘zbekistonda yangicha “moliyaviy piramidalar” paydo bo‘lmoqda

Firibgarlar bunday loyihalarning jozibadorligini oshirish va ko‘p sonli ishtirokchilarni jalb qilish uchun tarmoq marketingi deb nomlanuvchi usul va "Ponsi sxemasi" elementlaridan foydalanishadi.
Sputnik

TOShKENT, 14 yanv — Sputnik.  O‘zbekistonda “moliyaviy piramidalar” ko‘rinishidagi turli firibgarlik sxemalaridan, shu jumladan, kripto aktivlardan foydalanish holatlari tez-tez uchramoqda. Bu haqda Loyiha boshqaruvi milliy agentligi xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, odatda kelib chiqishi chet ellarda bo‘lgan jinoiy guruhlar har xil elektron platformalar, saytlar va axborot tizimlarini tashkil qilish orqali noqonuniy boylik orttirish maqsadida aholining bo‘sh pul mablag‘larini jalb qilish uchun O‘zbekiston bozoriga kirmoqda.

Bunday loyihalarning jozibadorligini oshirish va ko‘p sonli ishtirokchilarni jalb qilish uchun tarmoq marketingi deb nomlanuvchi usul va "Ponsi sxemasi" elementlaridan foydalaniladi.

“Ponsi sxemasi” moliyaviy piramidani tashkil etishning jinoiy sxemasi bo‘lib, u avvalgi investorlarning daromadlarini yangi investorlardan olingan mablag‘lar hisobidan to‘lashni nazarda tutadi. Avvaliga bu juda foyda keltiruvchi sxema bo‘lib ko‘rinishi mumkin, ammo u odatda yangi investorlarning mablag‘lari oqimi eskilariga to‘lovlarni amalga oshirish uchun yetarli bo‘lmay qolgandan so‘ng buziladi”, - deyiladi xabarda.

Agentlik xabardorlik va hushorlikni oshirish maqsadida bunday shubhali loyihalarning asosiy belgilarini ma’lum qildi:

  • kompaniyaning kelib chiqish joyi noma’lum;
  • har qanday moliyaviy javobgarlikni rad etish va ishtirokchidan bitim yoki shartnomada barcha xatarlarni qabul qilishga rozi ekanligini talab qilish;
  • shubhali yoki oddiy foydalanuvchi uchun tushunarsiz xizmatlar/mahsulotlar;
  • muayan platformada kelgusida ishlash uchun mablag‘larni majburiy investitsiyalash bo‘yicha talablarning mavjudligi;
  • yangi ishtirokchilarni jalb qilish orqali daromad olishning ko‘p bosqichli dasturining mavjudligi;
  • ushbu loyihaga mablag‘ kiritgan boshqa ishtirokchilarning yuqori daromadlarini namoyish etish orqali jozibadorlikni oshirish;
  • potensial ishtirokchilarning zarur bilimlari yo‘qligini hisobga olgan holda “kriptovalyutalarning yuqori istiqbollari” bilan manipulyatsiya qilish;
  • kompaniyaning go‘yoki keng ko‘lamli faoliyatini ko‘rsatish va loyihaga keng auditoriyani jalb qilish maqsadida yirik tadbirlarni tashkil qilish;
  • ishtirokchilarga ma’lum malaka yoki boshqa talablar qo‘yilmasligi.

Agentlik shubhali moliyaviy sxemalar asosida ish yuritayotgan ayrim kompaniyalarning faoliyati to‘g‘risida biron bir ma’lumot ega bo‘lganlardan qonunda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishingizni so‘ragan.