TOShKENT, 14 yanv — Sputnik. Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi maktab g‘aznachisi va uning sheriklari 278 nafar xodimning ish haqlarini naqd shaklda o‘zlashtirib yuborishgan. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sho‘rchi tumani bo‘limi tomonidan tumandagi 125-sonli maktab internatining moliyaviy faoliyati o‘rganilgan.
Natijaga ko‘ra, maktab internatning sobiq g‘aznachisi bo‘lgan Q.N. va boshqalarning hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish orqali 278 nafar xodimlarning jami 117,8 mln. so‘m ish haqlarini naqd shaklida olishib, o‘zlarining shaxsiy manfaatlari yo‘lida ishlatib yuborganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Q.N. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.