"Samarqand - Qarshi" yo‘lidagi yirik avariya tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

"Samarqand - Qarshi" yo‘lida sodir bo‘lgan YTHlarda 15ga yaqin avtomobil ishtirok etgan. Qurbonlar yo‘q, bir necha kishi o‘rta va yengil jarohatlar olgan.
Sputnik

TOShKENT, 14 yanv – Sputnik. Kecha, 13-yanvar kuni “Samarqand – Qarshi” yo‘lida sodir bo‘lgan yirik YTH haqida xabar bergan edik. YHXBB ushbu voqea tafsilotlarini ma’lum qildi.

Samarqandda o‘nlab avtomobillar ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

Voqea soat 13:10 da,  Samarqand viloyati Nurobod tumani hududida A-378 yo‘lining 19 kilometrida sodir bo‘lgan. “Kamaz” rusumli yuk avtomobili haydovchisi T.U. “Qarshi-Samarqand” yo‘nalishida harakatlanib borayotib, qalin tuman tushganligi, qor yog‘ayotganligi va ko‘rinish cheklanganligi sababli yo‘lning o‘ng chetiga to‘xtamoqchi bo‘lgan. Shu vaqtda orqada harakatlanib kelayotgan “Ford” rusumli avtomobil haydovchisi E.T. yo‘lning qatnov qismi muzlaganligini inobatga olmaganligi oqibatida “Kamaz” rusumli avtomobilning orqa qismiga urilgan.  

Shundan so‘ng, ushbu avtomobil orqasidan bir yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan haydovchi S.O. boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli va yana 10 ta turli rusumdagi yengil avtomobillar yo‘lning sirpanchiqligi tufayli ketma-ketlikda to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir etishgan. YTH oqibatida “Ford” va “Neksiya” avtomobillari yo‘lovchilari yengil tan jarohatlari olishgan.

Toshkentdagi yirik YTH oqibatida 10 kishi jarohat oldi

Oradan taxminan 5 daqiqa vaqt o‘tib, hodisa sodir bo‘lgan joydan 300 metr orqada Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan haydovchi E.B. “Neksiya-2” rusumli avtomobilni “Qarshi-Samarqand” yo‘nalishida boshqarib borayotib, yo‘lning qatnov qismidagi muzamaliklarni inobatga olmaganligini natijasida shu yo‘nalish bo‘ylab oldinda harakatlanib borayotgan qozog‘istonlik haydovchi boshqaruvidagi “Mersedes-Bens” rusumli yuk avtomobili yarim tirkamasining orqa qismiga urilgan. 

Natijada: “Neksiya-2” haydovchi B.E. “o‘ng bilak sohasini sinishi”, yo‘lovchisi N.X. “ko‘krak qafasi yopiq shikastlanishi, qovurg‘a suyaklarining sinishi” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Shunindek, yo‘lovchilari Q.B. va R.Ch.larning yengil darajadagi tan jarohatlari bilan kasalxonaga murojaat qilishgan va uylariga javob berilgan.Ushbu yo‘l-transport hodisalari oqibatida hech kim vafot etmagan.Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Samarqand viloyati IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu munosabat bilan, YHXB haydovchilardan murakkab ob-havo sharoitida transport vositasini boshqarishda yanada ehtiyotkor bo‘lishni, zarurat bo‘lmaganda tunda harakatlanmaslikni so‘raydi.