Qashqadaryoda 21 dona afsonaviy tarixiy tangalar topildi

Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi fondidan 21 dona Naxshab tangalari o‘rin oldi. Tangalar eramizning IV-VI asrlariga taalluqli bo‘lib, Janubiy Sug‘d tangalari hisoblanadi.
Sputnik

TOShKENT, 14 yanv – Sputnik. Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi fondidan 21 dona Naxshab tangalari o‘rin oldi. Bu haqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.

O‘zbekiston o‘zining tarixiy va madaniy boyliklarga ega ekanligi bilan alohida ajralib turadi. Ayniqsa, Qashqadaryo viloyatining turli hududlaridan topilayotgan tarixiy va madaniy boyliklar jamoatchilik hamda dunyo ahli vakillarini tez-tez hayratga solmoqda.

Qayd etilishicha, topilgan mazkur tangalar eramizning IV-VI asrlariga taalluqli bo‘lib, Janubiy Sug‘d tangalari hisoblanadi.

Qashqadaryoda 21 dona afsonaviy tarixiy tangalar topildi

Bir xil nominaldagi tangalarda o‘z davriga xos bo‘lgan tasvirlar tushirilgan. Masalan, tangalardan  birining avers qismida Naxshab hokimining chapga qarab turgan tasvirini ko‘rish mumkin. Yuzining ancha cho‘ziqligidan u eftalitlar qiyofasiga mansub hukmdor degan xulosaga kelinmoqda.

Shuningdek, yana bir tangada sochi turmakli hukmdor orqa oyoqlarida turgan sherga kalta qilich sanchayotganligini ko‘rish mumkin.

Hayvon dumi yuqoriga qayrilgan, u hukmdor qo‘lidagi kalta qilichni old oyoqlari bilan urib tushirmoqchi bo‘lib turibdi. Hukmdorning egnida tizzagacha tushadigan, chamasi, himoya qiluvchi yopinchig‘i aks etgan.

Tangada shuningdek, yaqin Sharqlik Marduk bilan Tiamataning yakkama-yakka olishuvi manzarasini, podshohning afsonaviy mahluq ustidan g‘olib kelishi manzarasini ko‘rish mumkin.

Ushbu tasvir hukmdorning Naxshabda IV-VI asrlarda siyosiy, diniy hokimiyatga ega bo‘lish huquqining qonuniyligini ifoda etgan deyilmoqda xabarda.