Joriy yilda qariyb 1300 megavatt quvvatlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan

2020 yilda elektr energiyasi iste’moli 71 milliard kilovatt-soatni tashkil etadi va bu o‘tgan yilgiga nisbatan o‘rtacha 9 foizga ko‘proq. Iqtisodiyot tarmoqlari talabi 10, aholiniki esa 8,5 foizga oshishi kutilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-yanvar kuni elektr energetikasi sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha joriy yilga asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. 

O‘tgan yili mamlakatda 6 ta yirik loyiha doirasida jami 1076 megavatt elektr energiya quvvatlari ishga tushirildi.

Joriy yilda elektr energiyasi iste’moli 71 milliard kilovatt-soatni tashkil etib, o‘tgan yilgiga nisbatan o‘rtacha 9 foizga, ya’ni, iqtisodiyot tarmoqlari talabi 10, aholiniki esa 8,5 foizga oshishi kutilmoqda. 

Yig‘ilishda ushbu ehtiyoj qaysi manbalar hisobidan qoplanishi muhokama qilindi. Prezident 2020-yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish, taqsimlash va yetkazib berish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni to‘liq, sifatli amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

“Joriy yilda issiqlik elektr stansiyalarida 1177 megavatt, gidro elektr stansiyalarida 120 megavatt quvvatlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga 3 ming 500 megavattli bug‘-gaz qurilmalari, 400 megavattli shamol va shunday quvvatga ega quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalar shakllantirilgan”,  - deyiladi davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi bu borada yaxshi samara berayotgani qayd etildi. “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga yil yakunigacha yana 4,5 million dona zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.

Sohadagi islohotlarning keyingi bosqichida elektr energiyasining raqobatli ulgurji bozorini shakllantirish, generatsiya jarayoniga davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida investorlarni jalb qilish va bunda davlat kafolatini bosqichma-bosqich kamaytirish muhimligi ta’kidlandi. 

Yapon kompaniyasi O‘zbekistonda shamol elektr stansiyalarini qurishga qiziqmoqda

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030-yilga borib mamlakatda elektr energiyasi iste’moli hozirgiga nisbatan 2 barobar ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Shu bois prezident Energetika vazirligiga keyingi o‘n yilda umumiy quvvati 7900 megavattni tashkil etadigan yangi issiqlik elektr stansiyalarini ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, investorlarni jalb qilgan holda, 8000 megavatt quvvatga ega quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, gidro elektr stansiyalari quvvatini 1 ming 935 megavattga oshirish, kichik gidro elektr stansiyalar barpo etishni xususiy sektorga berish yuzasidan vazifalar belgilandi.  

Mutasaddi tashkilotlarga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda elektr energiyasi sohasida zamonaviy texnologiyalar bilan bevosita ishlaydigan o‘rta va kichik bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.