TOShKENT, 13 yanv – Sputnik. So‘g‘d viloyatining Istaravshan shahrida soxta Yulduz Usmonova konserti tashkilotchisiga nisbatan jinoyat ish qo‘zg‘atildi, deb xabar qildi SugdNews nashri.
So‘g‘d viloyati IIV matbuot xizmati rahbari Akbar Sharif ta’kidlashicha, Jamshid ismli shaxs - tashkilotchi rolida bo‘lgan Saidjon G‘aniyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 247 - moddasining 2-qismi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ish qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yangi yil bayrami oldidan Istaravshan shahrida shov-shuvli konsert bo‘lib o‘tgandi.
Bir oz avval o‘zini O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova deb tanishtirgan firibgar ayol Tojikistonning Istaravshan shahri aholisini 110 ming somoniy (taxminan 11,5 ming dollar)ga chuv tushirgani haqida xabar berilgandi. Sal o‘tib, voqea yangicha tus ola boshladi. O‘zbekistondan qo‘shni respublikaga borgan parodist Rustamxo‘ja Usmonov qanday qilib Jamshid ismli shaxsning nayrangiga uchganligi to‘g‘risida gapirib berdi.
"Parodiya yo‘nalishida ijod qilayotganimga 10-yildan oshdi. Ammo shu paytgacha biron marta to‘y yoki marosimlarga o‘zimni Yulduz Usmonova sifatida tanishtirib, kirib bormaganman. Besh-olti oy avval O‘zbekistonda bir to‘yga xizmatga borgan edik. O‘shanda meni san’atkor Yulduz Usmonova, deb o‘ylashgan ekan. Xullas, o‘shanda meni ko‘rgan Jamshid ismli shaxs aloqaga chiqib, yangi yilga o‘rtoqlari uchun "korporativ" tashkillashtirayotganini aytib, Tojikistonga taklif qildi. So‘ng kelishib olish uchun O‘zbekistonga keldi. Banketdagi xizmat haqim 1000 $ bo‘lishiga kelishdik", - deya bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab berdi parodist.
Ma’lum bo‘lishicha, u jamoasi bilan belgilangan kun xizmatga borgan va xizmatni yakunlab O‘zbekistonga ham qaytgan. Tushga yaqin internetga kirib, o‘zi haqidagi tarqalgan shum xabarlarga ko‘zi tushgan.
"Shundan bildim-ki, bizni “korporativ”ga taklif qilgan shaxs aslida konsert uyushtirganini. Biz bundan bexabar bo‘lganmiz. O‘sha shaxs odamlarga 300 ta bilet sotib, 11 300 dollar foyda qilgan ekan. Bu haqda o‘sha Tojikiston nashrlarida o‘qidik", - deya davom etdi Rustamxo‘ja Usmonov.
O‘zini Omon deb tanishtirgan, parodist ma’murining aytishicha, Jamshidga qo‘ng‘iroq qilib, tarqalgan mish-mishlar yuzasidan izoh so‘ralganda, u "Sizlar xizmatingizni qilib ketdingiz, endi ishingiz bo‘lmasin, o‘zim hal qilib olaman", deya baqirib go‘shakni qo‘yib qo‘ygan va boshqa ko‘tarmagan. U shuningdek, Jamshid ismli shaxsdan jabr ko‘rgan insonlarning bari pullarini undirib olgan-olmaganliklarini bilmasligi, shu paytgacha, O‘zbekistondagi huquq tartibot idoralari tomonidan chaqiruv bo‘lmaganligini qo‘shimcha qildi.
"Biz o‘zimiz aldov qurboni bo‘ldik. Bu vaziyat qanday yuz berganini, haqligimizni isbotlab beramiz. Chunki biz hech kimga Yulduz Usmonova bo‘lib bilet sotmaganmiz", dedi suhbat yakunida parodist ma’muri.