Prezident tashabbusi bilan 3 millionga yaqin maktab o‘quvchilari to‘garaklarga jalb qilindi

Prezidentning 5 ta tashabbusiga asosan maktablarda to‘garaklar ochilgan, yoshlarni jismoniy chiniqtirish va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 13 yanv - Sputnik. Prezidentning beshta tashabbusi doirasida maktablarda turli to‘garaklar ochildi. Bu haqda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda. 

Ayni damda madaniyat va san’at yo‘nalishidagi to‘garaklarga 779 ming, jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha 1,1 mln, axborot texnologiyalari yo‘nalishiga 444 ming, kitobxonlikka 264 ming nafar o‘quvchi hamda 377 ming nafar qizlar ijtimoiy faol hayotga jalb etilgan. Jami 2,9 mln. nafar o‘quvchi to‘garaklarga jalb etilib, umumiy ko‘rsatkich 47,5 foizni tashkil etmoqda, - deyilgan xabarda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidentining 5 tashabbusi doirasida umumta’lim maktablarida turli to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tashabbusning joriy etilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad va yo‘nalishlar aniq belgilab berilgan.

O‘zbekistonda “Zamonaviy maktab”larni tashkil etishga 4 trln so‘m sarflanadi

Jumladan, birinchi tashabbus yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.

Ikkinchi tashabbus yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.

Uchinchi tashabbus aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.

To‘rtinchi tashabbus yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, beshinchi tashabbus xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalarini nazarda tutadi.