O‘zbekistondagi birinchi okeanarium qayerda barpo etilishi ma’lum bo‘ldi

Istirohat bog‘i to‘liq modernizatsiya qilingach, bir kunda 10 ming kishigacha xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Bu aholining mazmunli hordiq chiqarishini ta’minlash bilan birga Toshkent shahrining turistik jozibadorligini ham oshiradi.
Sputnik

TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. O‘zbekistondagi birinchi okeanarium Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida  barpo etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bog‘da amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, bu yerda zamonaviy madaniyat va istirohat bog‘i barpo etilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-sentabrdagi qarori asosida bunyodkorlik ishlari ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda 9 gektar maydonda okeanarium, amfiteatr, kinoteatr, ko‘ngilochar o‘yingoh, ertaknamo qasr, musiqali favvora, avtomobillar turargohi quriladi. Ikkinchi bosqichda 12 gektar hududda mavzuli park, bolalar uchun avtodrom va attraksionlar, akvapark bunyod etiladi. 

O‘zbekistondagi birinchi okeanarium qayerda barpo etilishi ma’lum bo‘ldi

Shuningdek, kafe va restoranlar, savdo do‘konlari tashkil qilinadi. Havo musaffoligini ta’minlash maqsadida kashtan, qarag‘ay, yapon soforasi, magnoliya, eman, qayin kabi daraxtlar ekiladi.

Istirohat bog‘i to‘liq modernizatsiya qilingach, bir kunda 10 ming kishigacha xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Bu aholining mazmunli hordiq chiqarishini ta’minlash bilan birga Toshkent shahrining turistik jozibadorligini ham oshiradi.

Davlat rahbari istirohat bog‘ining yil davomida ishlashini ta’minlash, odamlar oilaviy dam olishi uchun keng imkoniyat yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Bog‘da Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarimizdagi qadimiy obidalar maketini o‘rnatib, yoshlar va sayyohlarning tariximizga qiziqishini oshirish muhimligi ta’kidlandi.