TOShKENT, 10 yanv – Sputnik. O‘zbekistonga 2018-yilda qancha sayyoh tashrif buyurdi? Tashriflar ko‘rsatkichi 2019-yilda qanchaga o‘sdi? Bu haqda 10 yanvar kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, 2019-yil davomida O‘zbekistonga 6 748 500 nafar sayyoh tashrif buyurgan, 2018-yilda esa bu ko‘rsatkich 5 346 200 kishini tashkil qilgan.
Sayyohlarning aksariyat 51,3 foizini 31-55 yoshdagi kishilar (2018 yilda 52,1 foiz), 20,2 foizini 55 yosh va undan kattalar (2018 yilda 19,4 foiz), 19,5 foizini 19-30 yoshdagi (2018 yilda 20,4 foiz) va 9,1 foizini 0-18 yoshli (2018 yilda 8,1 foiz) mehmonlar tashkil etgan.
Mamlakatga eng ko‘p sayyoh Markaziy Osiyo mintaqasidan tashrif buyurgan. Ularning soni 2019-yilda 5 764 500 kishiga yetgan.
Shuningdek, MDH mamlakatlaridan kelganlar soni 495 600 kishi, uzoq xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurganlar esa 488 400 ming kishiga yetgan.
Ular orasida qarindosh-urug‘ va do‘stlarini ko‘rishga kelganlar soni 81,8 foizdan iborat bo‘lgan, dam olish uchun kelganlar esa 15,5 foizni tashkil etgan.
Jumladan davolanish, xaridlar, biznes uchrashuvlari, ta’lim olish va boshqa shu kabi sabablar bilan tashrif buyurgan xorijliklar soni 2,7 foizni tashkil etgan.
Sayyohlar asosan Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Afg‘oniston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Hindiston kabi davlatlardan tashrif buyurganligi aytildi.