Mingbuloqning “so‘kong‘ich” hokimi ma’muriy javobgarlikka tortildi

Mingbuloq tumani ma’muriy sudining qaroriga ko‘ra, N.Xudoyberdiyevga 4 mln. 460 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Sputnik

TOShKENT, 10 yanv – Sputnik. Mingbuloq tuman hokimi ma’muriy javobgarlikka tortildi. Endi u  4 mln. 460 ming so‘m miqdorda jarima to‘laydi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bosh prokuratura akasi qiynoqlarga solgan o‘smir yuzasidan ma’lumot berdi

Qayd etilishicha, 2019-yilning 27-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan, “Mingbuloq tuman hokimi fermerlarni so‘kib tashladi” mavzusidagi audioyozuvlar yuzasidan Namangan viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 09.12.2019 yil soat 10.00da Mingbuloq tuman hokimi vazifasini bajaruvchi N.Xudoyberdiyev rahbarligida “Gigant”, “Guliston”, “Gulbog‘-1” MMTP hududlari raislari hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi mavjud fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazilgan.

Texnika va kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilish davomida tuman hokimi “Guliston dacha” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi va boshqa fermer xo‘jaliklari rahbarlariga qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlamayotgani, sustkashlikka yo‘l qo‘yib kelayotganlari xususida tanbeh bergan.

Shuningdek, hokimning ularni haqorat qilgani, sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganligi aniqlangan.

Namangan viloyat prokuraturasi tomonidan N.Xudoyberdiyevga nisbatan MJTKning 41-moddasi bilan ma’muriy huqubuzarlikka doir ish qo‘zgatish haqida qaror qabul qilingan.

Mingbuloq tumani ma’muriy sudining qaroriga ko‘ra, N.Xudoyberdiyevga 4 mln. 460 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.