Boysun hokimligida to‘ydagi “tomosha” muhokama qilindi

Boysundagi to‘yda sodir bo‘lgan janjal katta shov-shuvga sabab bo‘ldi, tuman hokimligida ushbu ish yuzasidan majlis o‘tkazildi.
Sputnik

TOShKENT, 10 yanv - Sputnik. Boysun tumani hokimligi majlislar zalida o‘tkazilgan yig‘ilishda to‘ylarning birida sodir etilgan bezorilik harakatlari muhokama qilindi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha,  2020 yil 4-yanvar kuni “Darband” mahallasida yashovchi fuqaro J.Qorjovov mahalla hududida joylashgan to‘yxonada  bezorilik harakatlarini sodir etgan. U mahalladoshi A. Sa’diyev bilan o‘zaro janjalashib, uning orqa o‘ng tomoniga  bir marotaba pichoq bilan urib tan jarohati yetkazgan. Olgan tan jarohati natijasida jabrlanuvchi Boysun tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Boysun hokimligida to‘ydagi “tomosha” muhokama qilindi

Mazkur holat yuzasidan J.Qorjovovga nisbatan JKning 104-moddasi 2-qismi “e” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni damda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonda to‘y va marosimlarni o‘tkazishda ba’zi udumlardan voz kechildi  

Shuningdek, joriy yilning 8-yanvar kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumani hokimligi majlislar zalida yuqoridagi yuz bergan  ko‘ngilsizlik va uning kelib chiqish sabablari muhokama qilindi.

Ushbu holatning yuz berishiga imkon bergan shart-sharoitlar tahlil qilinib, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining 2019-yil, 14-sentabrdagi qo‘shma qarori ijrosini ta’minlash masalalari ko‘rildi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu qarorda To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida aytib o‘tilgan.