AQSh Iroq bilan qo‘shinlarni chiqarish masalasini muhokama qilmoqchi emas

Ayni vaqtda Iroqqa yuboriladigan har qanday delegatsiya - qo‘shinlarni chiqarish emas, balki bizning strategik sherikligimizni qay tarzda yangilash masalasini muhokama qilish bilan band bo‘ladi, deyiladi AQSh bayonotida
Sputnik

TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. AQSh Iroq bilan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish masalasini muhokama qilmoqchi emas. Iroq Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Adel Abd al-Maxdiyning ushbu masalani ko‘rib chiqish uchun delegatsiyani yuborish talabiga AQSh Davlat departamenti shunday javob qaytardi. RIA Novosti xabari asosida.

Iroq yana Rossiyadan S-300 raketa tizimini sotib olish istagini bildirdi

"Ayni vaqtda Iroqqa yuboriladigan har qanday delegatsiya qo‘shinlarni chiqarish emas, balki bizning strategik sherikligimizni qay tarzda yangilash masalasini muhokama qilish, bizning kuchlarimizni Yaqin Sharqda qay tarzda to‘g‘ri va mos joylashtirish bilan band bo‘ladi", — deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Shu bilan birga, idora, Iroq hukumati bilan nafaqat xavfsizlik, balki moliyaviy, iqtisodiy va diplomatik sheriklik to‘g‘risida ham muzokaralarni o‘tkazish kerakligini qayd etib, Amerika - bu "Yaqin Sharqdagi yaxshilik kuchi" ekanligini ta’kidlagan.

Abd al-Maxdiy chet el harbiylarini chiqarish mexanizmi ustida ishlash uchun Vashington Iroqqa o‘z vakillarini yuborishi kerakligi haqida AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan telefon muloqoti davomida aytgan. Shu bilan birga u, Bag‘dod "qo‘shni va do‘st mamlakatlar bilan yaxshi munosabatlarni" saqlab qolish tarafdori ekanligini qayd etgan.

Iroq hukumati va parlamentida Amerika harbiylarini chiqarish haqidagi talablar AQSh mamlakat hududida Eron generali Kasem Sulaymoniyni yo‘q qilish bo‘yicha operatsiyani o‘tkazgach jarang topa boshlagan edi. Bag‘dod bu xujumni amerika kuchlari joylashuvi qoidasining buzilishi sifatida baholadi.

Iroq AQSh harbiylarini mamlakatdan olib chiqish mexanizmini tayyorlashga kirishdi

Beshinchi yanvar kuni Iroq parlamenti chet el qo‘shinlarini chiqarish uchun ovoz berdi. Ertasi kuni Iroq Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Abdel Kerim Xalf amerika qo‘shinlarini chiqarish bo‘yicha mexanizmga tayyorgarlik boshlab yuborilganini ma’lum qildi.

AQSh prezidenti Donald Tramp bunga javoban Iroqqa og‘ir oqibatlar bilan dag‘dag‘a qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Bag‘dodga qarshi "hali u hech qachon ko‘rmagan" sanksiyalarni kiritishga tayyor. Bundan tashqari, amerika harbiylari to Iroq amerikaliklar tomonidan qurilgan aviabaza uchun to‘lovni amalga oshirmaguniga qadar, u yerni tark etishni rejalashtirmayaptilar ham, deb qo‘shimcha qilgan Tramp.