Yuqori sinf o‘quvchilariga o‘zlarini o‘qituvchi sifatida sinab ko‘rish imkoni beriladi

Qayd etilishicha, 2020-yilning 1-fevral kuniga qadar Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Yosh o‘qituvchilar klubi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Sputnik

TOShKENT, 3 yanv - Sputnik. O‘zbekistonda “Yosh o‘qituvchilar klubi” tashkil etilib, ushbu klub a’zolari o‘zlarini o‘qituvchi sifatida sinab ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2020-yilning 1-fevral kuniga qadar Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Yosh o‘qituvchilar klubi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 

Mazkur klub o‘quvchilarning dars mashg‘ulotidan keyingi bo‘sh vaqtini unumli tashkil etish, pedagogika sohasiga qiziqqan o‘quvchi-yoshlarni maqsadli tarbiyalash, har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilmoqda.

Yangi yilning III choragidan boshlab maktablarda fanlar ixtiyoriy o‘qitiladi

Klubga 8-11-sinfda tahsil olayotgan, kelajakda o‘qituvchilik kasbini egallamoqchi bo‘lgan o‘zini yosh o‘qituvchi sifatida sinab ko‘rish istagida bo‘lgan o‘quvchilar a’zo bo‘lishi mumkin.

Bunda o‘zini yosh o‘qituvchi sifatida sinab ko‘rayotgan klub a’zosi o‘zi qiziqqan biron bir  fanni tanlaydi. So‘ng u umumiy o‘rta ta’lim maktabining aynan o‘sha fan o‘qituvchisiga “Ustoz-shogird” an’anasiga muvofiq biriktiriladi.

Shogird o‘zi tanlagan fani bo‘yicha biriktirilgan o‘qituvchi bilan shug‘ullanadi va  haftada ikki kun maxsus jadval asosida, o‘zi tanlagan fan bo‘yicha tengdoshlariga dars o‘tadi.

Yosh o‘qituvchi dars mashg‘ulotlarini  umumiy o‘rta ta’lim maktabining ajratilgan sinfxonasida, umumiy dars mashg‘ulotlaridan so‘ng olib boradi. 

“Kelajakda o‘qituvchilik kasbini egallamoqchi bo‘lgan o‘quvchilar “Yosh o‘qituvchilar klubi” - bu Sizning maqsadingiz sari yetaklovchi yangi imkondir”, - deyiladi vazirlik axborotida.