Litsenziyasi bo‘lmagan artistlar to‘ylarga bora olmaydi

Endilikda marosimlarda ikki nafardan ortiq xonandaning yoki guruhning xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sputnik

TOShKENT, 2 yanv - Sputnik. 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab san’atkorlarning to‘y va maraka marosimlarida litsenziyasiz ishtirok etishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda Oliy Majlis senatining axborot xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekiston san’atkorlari ro‘yxati 70% yangilandi - "O‘zbekkonsert" rahbari

Yangi qarorda ko‘zda tutilgan tartiblarga ko‘ra,  bundan buyon to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda ishtirok etuvchi san’atkorlar to‘yxona, kafe, restoran ma’muriyatiga xizmat ko‘rsatishga ruxsat beruvchi litsenziya nusxasini taqdim etishi shart.

Shuningdek, to‘ylar, oilaviy tantanalar hamda ma’raka va marosimlarda xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, so‘z ustasi, fotograf va boshqalar qonuniy tartibda shartnoma asosida xizmat ko‘rsatadi.

Yuqorida ko‘zda tutilgan marosimlarda ikki nafardan ortiq xonandaning yoki guruhning xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari to‘yxona, kafe va restoranlar ma’muriyati to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilayotganda xavfsizlik choralari ta’minlanishi shart.