Toshkent viloyatida 18 yoshli yigit paqildoqdan jiddiy jarohat oldi

Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumani, Qumovul QFYda yashovchi, 2002-yilda tug‘ilgan yigit pirotexnika vositasi qo‘lida portlashi oqibatida jiddiy jarohat olgan.
Sputnik

TOShKENT, 30 dek – Sputnik. Joriy yilning 30-dekabr kuni 18 yoshli yigit paqildoqdan jiddiy jarohat olgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.

Termizda pirotexnika vositalarini sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumani, Qumovul QFYda yashovchi, 2002-yilda tug‘ilgan S. A. pirotexnika vositasi qo‘lida portlashi oqibatida jiddiy jarohat olgan. U paqildoqni ishlatayotib, o‘z uyida bo‘lgan.

Yigit zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelinib, unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ammo olgan jarohati  jiddiyligi bois,  “tez yordam” mashinasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialining jonlantirish bo‘limiga olib ketilgan.

Jarohat tufayli u “Chap qo‘l panja sohasida katta hajmli ezilib, yirtilishi, to‘rinchi va beshinchi barmoqlar jarohati va tirnoq falangasining travmatik uzilishi” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Shifokorlar shu zahotiyoq jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazishgan, ayni paytda davolash muolajalari davom etmoqda.