Pirotexnika vositalari ko‘rish qobiliyatidan mahrum qilishi mumkin - SSV

O‘tgan yil mobaynida pirotexnika vositalari bilan bog‘liq noxush hodisalar yuz berishi oqibatida bemorlar ko‘zlarining shikastlanishi yoki ko‘rish faoliyatining butunlay buzilishi holatlari kuzatilgan.
Sputnik

TOShKENT, 30 dek – Sputnik. O‘tgan yil mobaynida pirotexnika vositalari bilan bog‘liq noxush hodisalar yuz berishi oqibatida bemorlar ko‘zlarining shikastlanishi yoki ko‘rish faoliyatining butunlay buzilishi holatlari kuzatilgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.

Toshkent viloyatida 18 yoshli yigit paqildoqdan jiddiy jarohat oldi

Qayd etilishicha pirotexnika vositalari bilan bog‘liq noxush voqealar sodir bo‘lishi oqibatida insonlar ko‘zlarining shikastlanishi, ko‘rish faoliyatining qisman yoki butunlay buzilishi, hatto bemorlarning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatish holatlari ko‘p bor kuzatilgan.

Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi pirotexnik vositalari ta’sirida kuyish jarohati yuzaga kelganda nima qilish kerakligini aytib o‘tdi.

"Pirotexnik vositalari ta’sirida kuyish jarohati yuzaga kelgan holatlarda kuygan sohalarni sovuq suv bilan yuvish hamda kuygan sohalarga o‘zi bilmagan holda turli xil dori vositalarini ishlatmaslik zarur. Birinchi navbatda aseptik bog‘lam qo‘yib, tez tibbiy yordam xizmati yoki shifoxonalarning kuyganlar bo‘limiga murojaat qilinishi lozim", deyiladi xabarda.