Moskvadan yo‘lga chiqqan avtobus 4 kunda O‘zbekistonga yetib keldi

“Toshkent” avtovokzalidan Moskvaga yo‘lga chiqqan “Uzautotrans service” korxonasi avtobusi 25-dekabr kuni kechqurun "Novoyasenevskaya" avtostansiyasiga yetib borgan edi.
Sputnik

TOShKENT, 30 dek – Sputnik. Moskvadan yo‘lga chiqqan “Uzautotrans service” korxonasi avtobusi Toshkentga yetib keldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Axborot xizmati ma’lum qildi.

Toshkentdan yo‘lga chiqqan avtobus Moskvaga yetib bordi

Avval xabar berganimizdek, 2019-yilning 23-dekabr kunidan e’tiboran Toshkent – Moskva – Toshkent yo‘nalishida yo‘lga qo‘yilgan, “Toshkent” avtovokzalidan Moskvaga yo‘lga chiqqan “Uzautotrans service” korxonasi avtobusi 25-dekabr kuni kechqurun "Novoyasenevskaya" avtostansiyasiga yetib borgan edi.

Avtobus deyarli 3,5 ming km.li masofani 64 soat vaqt ichida bosib o‘tgan. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur avtobus  27-dekabr kuni Moskva vaqti bilan 14.00 da "Novoyasenevskaya" avtostansiyasidan O‘zbekiston tomon yo‘lga chiqib, bugun, 30-dekabr kuni 51 nafar yo‘lovchilar bilan “Toshkent” avtovokzaliga yetib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, yo‘nalish bo‘ylab muntazam avtobus qatnovlari haftaning dushanba va payshanba kunlari soat 12.00 da yo‘lga chiqib, "Novoyasenevskaya" avtostansiyasidan esa Moskva vaqti bilan soat 14.00 da harakatlanadi. 

Moskvadan Toshkentga yetib kelgan yo‘lovchilar yo‘llarning bir oz yomonligi, ammo haydovchilarning professonalligi, avtobus ichida yaratilgan sharoit va qulayliklardan manmun bo‘lishmoqda.

Qayd etilishicha, safar xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘nalish bo‘ylab uch nafar haydovchining har 4 soatda navbat bilan  avtobus boshqarish rejimi yo‘lga qo‘yilgan.

Avtobus va yo‘lovchilar hayoti to‘liq sug‘urtalangan bo‘lib, safar oldidan avtobuslar texnik, haydovchilar esa tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Avtobusga o‘rnatilgan 5 ta kuzatuv kamerasi yo‘l davomidagi barcha jarayonlarni yozib boradi. Har galgi safardan so‘ng ushbu tasvirlar korxona mutaxassislari va rahbariyati tomonidan o‘rganib chiqiladi.