Mirziyoyev Nazarboyev va uch davlat rahbarlari bilan qo‘ng‘iroqlashdi

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston birinchi prezidenti, Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov hamda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Sputnik

TOShKENT, 30 dek — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston birinchi prezidenti - elboshi Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov hamda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev kirib kelayotgan yangi - 2020-yil munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, ezgu tilaklarini izhor qildilar.

Shuningdek, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston rahbarlari yangi - 2020-yil kirib kelayotgani munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabrikladilar.

"Maslahatli osh tarqamas": MO yetakchilari Toshkentda nimalarga kelishdilar?

Har bir suhbatda joriy yil noyabr oyida Toshkentda o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ikkinchi Maslahat uchrashuvining natijalari muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlandi.

Yakuniga yetayotgan yilda O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda muhim natijalarga erishilgani ta’kidlandi.

Sooronbay Jeenbekov bilan suhbatda O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligining istiqbollari hamda 2020-yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston prezidentining Gurbanguli Berdimuhamedov bilan bo‘lgan suhbatida madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.

Emomali Rahmon bilan bo‘lgan suhbatda hukumatlar, parlamentlar va hududlar, jumladan, Toshkent va Dushanbe shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik kengayib borayotgani qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi salmoqli darajada oshmoqda, iqtisodiyot tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanmoqda.

Suhbat chog‘ida Mirziyoyev hamkasblari bilan xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi.