Jizzaxda xavfli retsidivist voyaga yetmagan o‘smirga hujum qildi

Ushbu hodisa yuz berganligi to‘g‘risida jabrlanuvchining otasi 24-dekabr kuni Zafarobod tumani IIB bo‘limiga shikoyat qilgan.
Sputnik

TOShKENT, 28 dek - Sputnik. Jizzaxda 41 yoshli o‘ta xavfli retsidevist voyaga yetmagan o‘smirni urib, qo‘rqitib, unga tan jarohati yetkazgan, deb xabar qildi O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti axborot xizmati ma’lum qildi.

Retsidivist qo‘lga olindi: u pichoq bilan qarshilik ko‘rsatgan

Ma’lum qilinishicha, ushbu hodisa yuz berganligi to‘g‘risida jabrlanuvchining otasi 2019-yilning 24-dekabr kuni Zafarobod tumani IIB bo‘limiga shikoyat qilgan.

Hodisaga ko‘ra, 2002-yilda tug‘ilgan R.N. Do‘stlik ko‘chasi bo‘ylab ketayotganda, noma’lum shaxs uni ushlab olib, qo‘rqitadi va urib tan jarohati yetkazadi. Jabrlanuvchining yonida bo‘lgan bahosi 900 ming so‘mlik "Samsung" rusumli uyali telefon apparatini tortib olib, hodisa joyidan yashirinadi.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni sud tomonidan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan 41 yoshli S.B. sodir etganligi aniqlangan. Jabrlanuvchi uch nafar jinoyatchilar orasida uni tanib olgan.

Mazkur holat yuzasidan S.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 4-qismi "b" bandi (o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ayni damda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.