TOShKENT, 27 dek – Sputnik. O‘zbekiston YeXHT xulosalarini foydali deb biladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Xalqaro press klub sessiyasidagi chiqishida aytdi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
"Bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari - "Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar" shiori ostida bo‘lib o‘tdi. Bu nafaqat biz ko‘p harakat kilganimiz, yaxshi tayyorgarlik ko‘rganimiz natijasi, avvalombor muhtaram prezidentimiz boshlab bergan chuqur islohotlarni amalga oshirilishi natijasi", - dedi TIV rahbari.
Abdulaziz Kamilov shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi chet davlatlardagi O‘zbekiston fuqarolariga Konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishga barcha sharoitlarni yaratib berganini qayd etdi.
Vazir so‘zlariga ko‘ra, joriy saylovlarni o‘tkazish uchun chet elda 50dan oshiq saylov uchastkalari tashkil etilgan bo‘lib, 12-18 dekabr kunlari 200dan ortiq hududlarda muddatdan oldin ovoz berish imkoniyati yaratilgan. Xorijda tashkil etilgan uchastkalarda jami 112 411 nafar fuqarolar o‘z Konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishga muvaffaq bo‘lgan.
"...Albatta, savol tug‘ilishi mumkin, chunki fuqarolarimiz soni ko‘p xorijda, lekin aksariyati ishtirok eta olmagani (borasida). ... kelajakda biz turli mintaqalardagi fuqarolarimiz bilan ham muloqotda bo‘lib, albatta ularni ham bizning siyosiy hayotimizga jalb etishga harakat qilamiz", - dedi vazir.
Kamilov xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga saylovlar xususida to‘liq ma’lumotlarning yetib bormaganligi sababini siyosiy partiyalarning chet eldagi o‘zbekistonliklarni o‘z tomoniga jalb etishga to‘liq harakat qilmaganligida, deb biladi.
"Kelajakda bularning barchasini inobatga olib, albatta, chora-tadbirlar ko‘ramiz", - dedi diplomat.
Chet ellik kuzatuvchilar bahosiga O‘zbekiston pozitsiyasi
Kamilov O‘zbekistonda o‘tkazilgan parlament saylovlariga birinchi marta dunyoning eng yirik - Rossiya, AQSh, Xitoydan, MO vakillari, mintaqadagi qo‘shnilar - Hindiston, Pokiston va Erondan davlatlaridan, xalqaro tashkilotlardan 750ga yaqin kuzatuvchilar kelganini qayd etdi.
Xususan, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti vakillari dastlabki xulosalarini O‘zbekiston tomoniga yetkazdi.
"Saylovlar o‘tdi. O‘zbekistonning yangi chehrasi paydo bo‘layapti xalqaro maydonda. Lekin bizni oldimizda ko‘plab vazifalar turibdi. Birinchidan - saylov jarayonini takomillashtirish. Bu doimiy jarayon. Bu harakatni qandaydir yakuniy bekati bo‘lmaydi. Hech kim aytolmaydi-ki, mana biz hozir biz mukammal saylov o‘tkazdik, hech qanday kamchilik yo‘q, olam-guliston, deb. Bu jarayon davom etishi kerak, negaki oldimizda ko‘plab maqsadlar turibdi. Shu maqsadda OBSE (YeXHT) DIIHB bergan dastlabki tavsiyalariga juda jiddiy qaraymiz va kerakli xulosalarni chiqaramiz”, - deb ta’kidladi vazir.
Kamilovning aytishicha, TIVda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha burosining saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari Kaetana de Zuluyeta Outram bilan bir necha bor uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan hamda dastlabki xulosalar va tavsiyalar bo‘yicha fikr almashilgan.
"Biz shu hamkorlik natijasida shunga kelishdik-ki, bir-ikki oydan so‘ng oxirgi xulosalar chiqqandan keyin, biz yana bir bor uchrashamiz va qaysi yo‘nalishlarda hamkorligimizni davom ettirishimiz xususida kelishib olamiz. Kerak bo‘lsa, o‘ziga yarasha dastur va yo‘l xaritasini tashkil etamiz", - deb ma’lum qildi Kamilov va berilgan tavsiyalar O‘zbekiston uchun tahdid yoki hal bo‘lmaydigan muammo emasligini, balki bu O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar ekanligini va undan foydalanish kerakligini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar saylovlari o‘tkazildi.
Saylovni jarayoni 140 ming mahalliy kuzatuvchilar va 800 dan ortiq xalqaro, shuningdek, 9 ta tashkilot, shu jumladan MDH, ShHT va YeXHT kuzatuvchilari kuzatib bordi. Kuzatuvchilar ovoz berishga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilganini qayd etdilar.
Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga 125 ta saylov okruglaridan saylangan deputatlar ro‘yxatini e’lon qildi. Jumladan, O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi – 42 nafar; “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – 34 nafar; “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi – 20 nafar; Xalq demokratik partiyasi – 18 nafar; Ekologik partiya – 11 nafar.