TOShKENT, 25 dek — Sputnik. O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev sog‘liqni saqlash sohasida korrupsiya ko‘payganini ma’lum qildi. Bu Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida aytildi.
Bosh prokuror sog‘liqni saqlash sohasidagi tamagirlik va suiiste’molchilik, tizimning barcha bo‘g‘inlarida korrupsiyaning keng ildiz otgani xavotirli ekanini qayd etdi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi ikki yilda tizimdagi 581 nafar xodimlar turli jinoyatlarni sodir qilganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Ularning 114 nafari yoki har to‘rtinchisining sodir qilgan qilmishi korrupsiyaviy jinoyat hisoblanadi.
“E’tibor bering! 2018-yilda “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik Markazi o‘tkazgan so‘rovda ishtirok etganlarning 34 foizi sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiya keng tarqalgan degan fikrni bildirgan bo‘lsa, 2019-yilda bu salbiy ko‘rsatkich 43 foizni tashkil etgan”, - dedi bosh prokuror.
Ma’lum bo‘lishicha, hamshiralikka qabul qilish evaziga 500 dollar yoki kichik tibbiy xodim sifatida ishga qabul qilish evaziga 200 dollar tibbiyot xodimlari jinoib javobgarlikka tortilgan.
Yo‘ldoshevning so‘zlariga qaraganda, kadrlar bilan ishlashdagi bunday vaziyat, xodimlarning ijtimoiy himoyasi zaifligi nafaqat kadrlar qo‘nimsizligiga, balki tajribali va yetuk mutaxassislarning xususiy sektorga yoki chet davlatlarga ishga o‘tib ketishiga olib kelmoqda.
Birgina, respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazidan so‘nggi uch yilda 242 nafar mohir shifokor xususiy klinikalarga ishga o‘tgan yoki xorijiy davlatlarga ishlash uchun chiqib ketgan.