Shohrux reper deputat etib saylandi

Rep yo‘nalishida ijod qiluvchi taniqli qo‘shiqchi Shohruh Shodmonov O‘zLiDePdan Toshkent shahar Chilonzor tumani kengashiga Xalq deputati etib saylandi.
Sputnik

TOShKENT, 24 dek — Sputnik. Rep yo‘nalishida ijod qiluvchi taniqli qo‘shiqchi Shohruh Shodmonov O‘zLiDePdan Toshkent shahar Chilonzor tumani kengashiga Xalq deputati etib saylandi. Bu haqda xonandaning o‘zi instagramdagi rasmiy sahifasi orqali ma’lum qildi.

“Aziz hamurtlar! Mana, sizlarning ovozlaringiz bilan Toshkent shahar Chilonzor tumani kengashiga Xalq deputati bo‘lib saylandim! Mendan balandparvoz gaplarni kutmang, mening fikrimcha, har bir deputat saylangan hududida bor muammolar bilan maksimal ishlash kerak, xalq esa baho beradi. Barchangizdan minnatdorman! Ishonchingiz uchun rahmat!” – deya izoh qoldirgan xonanda o‘z postida.

Parlament saylovi natijalari

Avvalroq xonanda ushbu tuman kengashi deputatligiga o‘z nomzodini qo‘yganligi haqida xabar bergandik.

Eslatib o‘tamiz, 22-dekabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Saylovlarda chet el bilan birga hisoblaganda 13,9 mln nafar saylovchi ishtirok etdi va bu saylovchilar umumiy sonining 67,8 foizidan iboratdir. Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga O‘zLiDePdan – 43 nafar, “Milliy tiklanish”dan – 35 nafar, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan – 21 nafar, XDPdan – 18 nafar,  Ekologik partiyasidan – 11 nafar deputat saylandi.