TOShKENT, 23 dek — Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi direktori Sergey Lebedev bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.
Lebedev O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovni kuzatuvchi MDH missiyasi rahbari sifatida mamlakatga kelgan.
Qayd etilishicha, Sergey Lebedev 22-dekabr kuni yakunlangan saylov jarayoniga yuqori baho bergan.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonning 2020-yilda MDHdagi raisligi doirasida mamlakat va Hamdo‘stlik Ijroiya qo‘mitasi o‘rtasidagi munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekistonning MDHdagi raisligi tuzilma salohiyatini yanada to‘liq namoyon etishiga xizmat qilishiga umid bildirildi. O‘zbekiston tomoni ishlab chiqqan Konsepsiya va uni amalga oshirish bo‘yicha Tadbirlar rejasida MDHdagi raislikning asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Xususan, O‘zbekistonda jami 30 dan ortiq tadbirlar, jumladan, Hamdo‘stlikning asosiy organlari – Davlat rahbarlari kengashi va Hukumat rahbarlari kengashi, Iqtisodiy kengash, Tashqi ishlar vazirlari kengashi va boshqa qator sohaviy tuzilmalarining yig‘ilishlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Suhbat chog‘ida hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan ham fikr almashildi.