MSK: soat 18.00ga qadar 68,7 % kishi ovoz berdi

Markaziy saylov komissiyasi saylovlarda mahalliy vaqt soat 18.00 ga qadar ishtirok etgan saylovchilarning dastlabki raqamlarini e’lon qildi.
Sputnik

TOShKENT, 22 dek – Sputnik. Markaziy saylov komissiyasi Raisi o‘rinbosari Maxmud Istamov mahalliy vaqt soat 18.00 ga qadar ishtirok etgan saylovchilarning dastlabki raqamlarini e’lon qildi.

Sergey Lebedev saylov jarayoni haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi

Joylardan hozirgi paytga qadar olingan ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekiston hududidagi 18 797 810 nafar saylovchilardan 12 922 429 nafari yoki 68,7 foizi ovoz berdi.

“Hozirga qadar ovoz berish jarayonlari O‘zbekiston Respublikasining Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya, Singapur, Indoneziya, Tailand va Hindistondagi, shuningdek Rossiya Federatsiyasining shimolidagi vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida yakunlandi. Ushbu saylov uchastkalarida ovoz berish natijalarini aniqlash, bulletenlarni sanash jarayonlari boshlangan.

Boshqa xorijiy mamlakatlarda tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni davom etmoqda”, - dedi rais o‘rinbosari.

U xorijiy davlatlardagi saylov uchastkalarida 1,6 milliondan ortiq saylovchilar ro‘yxatga olinganini ta’kidladi.

“Qariyib 2 soatdan so‘ng, ya’ni soat 20.00 da mamlakatimiz hududidagi 10.260 ta saylov uchastkalarining barchasida saylovchilarning ovoz berish jarayonlari to‘liq yakunlanadi va natijalarni aniqlash jarayoni boshlanadi”, - deb qo‘shimcha qildi Istamov.