TOShKENT, 19 dek - Sputnik. Yunusobod yo‘nalishidagi qurilish ishlari vaqtida ro‘y bergan yer o‘pirilishi oqibatida halok bo‘lgan yana bir nafar jasadning shaxsi aniqlandi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida sodir bo‘lgan o‘pirilish vaqtida besh nafar shaxsning yo‘qolganligi haqida xabar bergandik. So‘ng qutqaruv ishlari natijasida to‘rt nafar shaxsning jasadi topilganligi ma’lum qilindi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, tundagi qazish ishlari jarayonida beshinchi shaxsning jasadi topilib, uning shaxsi aniqlangan.
U 1996-yilda tug‘ilgan I.Raxmatov.
Qayd etilishicha, ayni damda hodisa sabablari va oqibatlarini o‘rganish va bartaraf qilish ishlari davom etmoqda.